21.02.2023

ILMNING FAZILATI

Ilmning fazli barchamizga ma‘lum va mashhur. Hech bir musulmon yoki gayri musulmonga ilmning fazli va barakotlari maxfiy emas.

Bugun sizlar bilan ilmning fazliga dalolat qiluvchi oyat va hadislar bilan tanishib chiqamiz.

Qur‘oni karimda kelgan dalillar:
Alloh taolo aytadi:
,,Alloh taolo, farishtalari va ilm egalari, Allohdan o‘zga Iloh yo‘qligiga guvohlik beradilar." 
E‘tibor bering, Alloh taolo O‘zi bilan boshlab, farishtarini so‘ngra ilm egalarini bir safda zikr qildi. Bundan ortiq sharaf, fazl va yutuq bo‘lishi mumkinmi?!

Mujodala surasida keladi:
,,Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm sohiblarini baland darajalarga ko‘tardi."
Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada aytganlarki, Ulamolar va oddiy mo‘minlar orasida yetti yuz daraja bo‘ladi. Har bir darajaning orasida besh yuz yillik masofa bor.

Zumar surasida Alloh taolo marhamat qiladi:
,,Ayting, bilganlar bilan bilmaganlar teng bo'lurmi?!"

Yana bir oyatda:
,,Alloh taolodan bandalari ichida, faqat, ulamolarigina qo‘rqadi."

Naml surasida Sulaymon alayhis salomning qissasida jinlarning eng kuchlisi ilm egalari ekanligi zikr qilinadi:
,,Kitobdan ilmi bo‘lgani, men uni senga olib kelaman, dedi." Bu yerda ilmning quvvatiga ishora bor.

Ankabut surasining 43-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:
,,Ushbu masallarni insonlarga keltiramiz, lekin, ilm egalarigina uni anglarlar."

A‘rof surasida keladi:
,,Ey Odam bolalari Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan va ziynat liboslarni tushurdik, (hammasidan) yaxshisi taqvo libosidir."
Abu Tolib Makkiy ,,Qutul qulub" asarlarida, avratlarni berkitadigan libos bu- ilmdir, ziynat libosi bu- yaqiniy ilmdir, taqvo libosi esa- hayodir, degan ekanlar.

Hadislardan dalillar:
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Kimga Alloh taolo yaxshilikni iroda qilsa, uni Dinda faqih qilib qo‘yadi va to‘g‘ri yo‘liga ilhom qiladi." 
Imom Buxoriy rivoyati

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Ulamolar Payg‘ambarlarning vorislaridir."
Abu Dovud rivoyati
Bilamizki, payg‘ambarlik darajasidan oliy daraja mavjud emas, demak, bu daraja sohiblarining vorislari bo‘lishdan ko‘ra ulug‘roq sharaf yo‘q.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Olim uchun Yerdagi va osmondagi barcha jonzodlar istig‘for aytadi."
Abu Dovud rivoyati
Qarang, olimlar o‘z ishlari bilan mashg‘ul ekanlar, osmon-u Yerdagi jonzodlar ularga istig‘for bilan mashg‘ullar, bundan ortiq sharaf va daraja bo‘lishi mumkinmi?!

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Hikmat sharafli insonning sharafini ziyoda qiladi va mamluklarni (qullarni) qirollar davrasida o‘tirishiga sabab bo‘ladi."
Abu Nai‘m rivoyati
Bu hadislari bilan Habibimiz sollallohu alayhi vasallam ilmning dunyodagi darajasini bayon qilyabdilar, oxiratdagi samarasi yaxshiroq va boqiyroqdir.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Ikki xislat munofiqda bo‘lmaydi: 
To‘g‘ri maqsad va Dinda faqihlik"
Imom Termiziy rivoyati
Faqihlikning eng past darajasi, oxirat dunyodan afzal ekanini bilishdir. Agar, faqih bu ma‘rifatida sodir bo‘lsa, nifoq va riyodan pok bo‘libdi.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Iymon yalang‘ochdir, uning libosi taqvo, ziynati hayo va samarasi ilmdir."
Abu Shayba rivoyati

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Bir olimning o‘limi butun bir qabilaning o‘limidan og‘irroqdir."
Imom Bayhaqiy rivoyati

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:
,,Qiyomat kunida ulamolarning siyohlari shahidlarning qoni bilan o‘lchanadi."
Abu Nai‘m rivoyati

Mana qarang azizlar, Ilmning fazli nechog‘lik baland ekan. Inson har ne bilan umrini o‘tkazsada, bu darajani topa olmaydi. Shuning uchun barchamiz ilmga jiddu jahd bilan harakat qilmog‘imiz lozimdir.

Alloh taolo ummati Muhammadiyni olimlarini ko‘paytirsin va bizlarni ham bu ulug‘ martabalarga ko‘tarsin, omiyn.

Izoh qoldirish

Izohlar