Muhammad Sodiq Muhamad Yusufning hayoti va ijodi
Muhammad Sodiq ibn Muhammad Yusuf ibn Muhammad Ali, 1952 yilning 15 aprelida Andijon viloyatida tavallud topgan. Uning ahlu oilasi barchalari ilm-ma’rifat yo‘lidalar. Alloh rahmat qilsin, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ixlos va taqvo xonadonida dunyoga keldi. Otasi ustoz Muhammad Yusuf domla Boybo‘ta o‘g‘li rahmatli Andijon viloyatining ko‘zga ko‘ringan ahli ilmlaridan, taqvo va ibodatda mustahkam, din-u el xizmatida kamarbasta kishi bo‘lgan. Alloh rahmatiga olsin, onalari Tilakberdi qizi Sobiraxon ona ham juda sodda, parhezkor, ibodatgo‘y, fidokor, samimiy ayol edi. Ustoz Muhammad Yusuf domla va Sobiraxon ona farzandlarining tarbiyasiga qattiq e’tibor berishgandi. Onasi chaqaloqni imkon qadar betahorat emizmasdi.Uni bir lahza ham nazardan chetda qo‘ymas edilar.Muhammad Yusuf domla farzandi Muhammad Sodiqning ilm olishiga bor e’tiborlarini qaratgandi.Maktabda a’lo baholarga o‘qishiga, uyda mustaqil mutolaa qilishiga alohida ahamiyat berardi.
Shayx Muhammad Sodiqning ilk ustozi otasi bo‘lgan. U boshlang‘ich diniy ta’limni otasidan oldi.Qur’oni Karim, sarf, nahv kabi boshlang‘ich ilmlarni otasidan o‘rgandi. Muhammad Sodiq yoshligidan juda ko‘p kitob o‘qirdi. U ilmga, kitobga qattiq muhabbat qo‘ygan edi. Uning kitobdan ortgan vaqti bo‘lmagan. Kechasi uxlab qolguncha mutolaa qilardi. Shuningdek, Muhammad Yusuf domla ham ko‘plab ahli ilmlarning xizmatini qilib, farzandi arjumandining haqqiga juda ko‘p duolar qilardi.
Yetuk alloma, mujaddid, mufassir, muhaddis, faqih, mutafakkir, murshid, zohid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘z zamonasida islom olamining yirik namoyandasi, ulkan arbob, SSSR Oliy Kengashining xalq deputati, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining sobiq muftiysi, mustaqil O‘zbekistonning birinchi muftiysi, ko‘plab xalqaro ilmiy muassasalar, diniy tashkilotlarning a’zosi, o‘zbekzabon xalqlarning diniy rahnamosi bo‘lgan.
Tashqi ko‘rinishi:
Shayx Muhammad Sodiq bo‘ychan, barvasta, qomati tik, kelishgan, baquvvat, ko‘rkam kishi edi. Qizg‘ish oq rangli, soch-soqoli o‘ziga yarashgan,
6
tishlari tekis, qoshlari qalin, yuzlari nurli, nigohi o‘ychan, haybatli, o‘zi nihoyatda viqor va mahobatli, barkamol inson edi. Soch-soqolini ortiqcha o‘stirmasdi. Tanasi sog‘lom, kuchli, chiniqqan, odimlari dadil va yengil, yurishlari salobatli, ruhi doim tetik, yuragi baquvvat edi. Nima kiyim kiysa yarashardi, balki libos uning egnida ko‘rkamlashib ketardi.
Ovozi mahobatli, zalvorli, nutqi chiroyli, dona-dona, tafakkuri teran edi. O‘z fikrini tinglovchiga go‘zal va sodda yetkazib bera olardi. Mav’izalari tushunarli, purma’no, tinglovchini rom qiladigan, eshitib to‘ymaydigan bo‘lardi. O‘ta murakkab fikrlarni oddiy inson tushunadigan so‘zlar bilan ifodalay olardi.
Shayx o‘z salomatligiga yaxshi e’tibor qaratardi, muntazam jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanar, yemoq-ichmog‘ining foydali va tartibli bo‘lishiga ahamiyat berardi. Vaqti-vaqti bilan sihhatgoh muolajalarini olib tutardi.
Shayx Muhammad Sodiqning tashqi suvrati qanday ko‘rkam bo‘lsa, ichki olami yana-da go‘zal edi. U kishi yuragi toza, ko‘ngli keng, xushxulq, adolatparvar, haqgo‘y, bag‘oyat samiymiy, nihoyatda xolis, qalbi salim, ruhan ulug‘vor, pok niyatli inson edi. O‘ziga yoki oila a’zolariga yaxshilik qilganlarni har doim qadrlar, yaxshiliklariga yarasha ularga muruvvat ko‘rsatardi. Biror insonga yomonlikni ravo ko‘rmasdi. Oilaparvar, bolajon, vatanparvar, xalqparvar, oliyjanob inson edi. U kishi pokizalikni, tartib-intizomni, go‘zallikni yaxshi ko‘rardi. Hech kimga nisbatan adovat qilmas, hech kim bilan dushmanlashmas edi. O‘ziga nisbatan qilingan xatokorliklarni ham kechirib yuborardi. Doim buyuk ishlarning payida bo‘lardi. Maydakashlikni yoqtirmasdi, g‘iybat-ig‘voga mutlaqo qarshi edi. O‘zining xayrli ishlarini, har qancha salmoqli bo‘lmasin, buyuk sanamas, barchasini yolg‘iz Allohdan ko‘rardi. O‘zgalarning xayrli ishlarini juda ham olqishlar, ularning muvaffaqiyatlaridan behad quvonardi. Har bir so‘zi, har bir ishi ilm asosida bo‘lardi. Qur’onu Sunatga imkon qadar to‘la amal qilardi.Mazhabga doim rioya qilardi.Islomga, ilmga xiyonatni hech qachon yoqlamasdi. Nimani yozgan, nimani aytgan bo‘lsa, avvalo o‘zi unga amal qilardi. Dunyo matohini umuman e’tiborga olmasdi. Dinu el tashvishidan boshqa g‘ami bo‘lmasdi.
Imom faxriddin ar-Roziy islom bilim yurtining 4-bosqich talabasi Sapoyev Abduvalining maqolasi
Izohlar