USTOZGA MUHABBAT
Bismillahir Rohmanir Rohim
Deydilar, dunyoda asli kim Aziz,
Aytdilar ustozdir, ustoz begumon,
Tag’in aytdilarki, Aziz shubxasiz,
Ustozlar qadriga etolgan inson.
O’zining kalomi “Qur’oni Karimda”- “Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman!" 1."Yaratgan robbing nomi bilan o’qi!" 2."(U) insonni alaqdan yaratdi." 3. “O’qi Robbing karamlilarning karamlisidir.” 4."(U) qalam bilan ilm o’rgatgandir." 5."(U) insonga bilmagan narsasini o’rgatdi." deya marhamat qilgan Alloh subxanohu taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.
O’zidan keyin meros qoldirmagan faqat ilmni meros qoldirgan Payg’ambarimiz Muhammad mustafoga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin. Ilmni Payg’ambarimizdan olib keyingi avlodlarga etkazgan sahobai kiromlarga Alloh taoloning roziligi bo’lsin. Barcha o’tgan salafi solih, olim-ulamolarimizni Alloh taolo rahmat qilsin.
Ta’lim sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar bir necha nomlar bilan ataladi. Ularning kelib chiqishi, etimologiyasi turlicha, albatta. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib ana shunday so‘zlarning ba’zilari haqida ma’lumot beradi. Ustoz so‘zi tilimizga forschadan o‘tgan. U usta so‘zi bilan o‘zakdosh. Asliyatda muallim, usta ma’nolari ishlatiladigan bu so‘z o‘zbekchada ikki xil ma’noda qo‘llanadi:
Birinchisi- Kasb, hunar, ilm va shu kabilarni o‘rgatuvchi. Ikkinchisi- Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, tarbiyalovchi, murabbiy.
Ustozlar haqida so‘z yuritilar ekan doimo Iskandar Zulqarnayn to‘g‘risidagi hikoya yodimga tushadi. U ishg‘ol qilgan yurtining taxtiga birinchi bo‘lib ustozini o‘tkazar ekan. Bir kuni undan: “Nima uchun bunday qilasiz?” deb so‘rashganda: “Ota-onam tug‘ilishimga, ustozim esa yuksalishimga sababchi bo‘lganlar”, degan ekan.
Poshshaxo‘ja ham ustozlarning mehnatisiz hech kim yuksala olmasligini aytib, Iskandarning o‘z ustoziga bo‘lgan hurmatini keltirib o‘tgan:
Hech kim ustozsiz topmas jahonda izzu joh,
Nechakim hashmat bila Iskandari davron erur.
Bir kuni bir darsda talabalar ustozlaridan so’ragan ekanlar:
— Ustoz, sizning darsingizni yaxshi anglaymiz, butun vujudimiz bilan tinglaymiz, keyingi darsingizni intiq bo’lib kutamiz. Lekin agar kitobni olib o’qisak ham, darsingizdagi kabi lazzatni his qilmaymiz, – deyishganda, Ustozlari talabalarni o’zlariga savol berib: Asalari asalni nimadan oladi? - deb so’raydi. Shunda talabalar asalari asalni gulddan ya’ni — Gullarning shirasidan deb javob berishadi.
Ustoz esa yana savol berib, Siz Gullarni eb ko’rganmisiz, ta’mi qanday? deganida talabalar — Albatta, ularning ta’mi achchiq, - deyishadi. Shunda Ustoz: Ilm berish ham xuddi shunday.
Ustoz ko’p manbalardan ilm olib, ularning shirasini talabalarining oldiga tayyor asal kabi taqdim qiladi, - degan ekan. Ha azizlar! Ustoz xuddi asalari kabidir. Shuning uchun ham ilm ustozdan olinishi kerak, shunda u ilm asal bo’ladi aks holda ustozsiz o’rganilgan ilm achchiq zahar bo’ladi.
Insoniyat dunyoga kelib aqlini taniy boshlasa albatta ilmni qadrini bilib, ilm olish zarurligini tushunib etadi. Ilm olish uchun esa ustozga ehtiyoj bo’ladi.
Ilm olish uchun ustozga muhabbat qo’yish lozim va lobuddir.
Mavlono Jaloliddin Rumiyning Pirlari va ustozlari, u zotga ma’rifat o’rgatgan zot Shams Tabriziy bo’ladilar. Shams Tabriziy bir muddat Rumiyga ma’rifat o’rgatgandan keyin g’oib bo’ladilar. Ustozning firoqidan kuyib yurgan Rumiydan biror narsa undirish maqsadida bir kishi Rumiyning oldilariga keldi va "Men Shams Tabriziyni shahrimizda ko’rdim" , dedi. Mavlono mastona suyunib, xushxabar bahosi o’laroq egnilaridagi xirqalarini yolg’onchining elkasiga tashladilar. To’planganlar haligining yolg’onchi ekanligiga shahodat berdilar. Mavlono shunda ularga shunday dedilar: " Men xirqamni uning yolg’oniga berdim. Xabari chin bo’lsa edi jonimni berar edim! dedilar.
Ustozga shuhratu shavkat kerakmas,
Ichiga qurt tushgan savlat kerakmas,
Muhabbat kifoya, davlat kerakmas,
Uni bir ko’rganda, «Ustoz» desang bas.
Ustozga muhabbat. Bu so’z biroz erish tuyulishi mumkin, biroq bu bo’lmasa ilm xosil qilish qiyin. Chunki ustozni yaxshi ko’rgandan keyin o’z-o’zidan itoat paydo bo’ladi, ehtirom qila boshlaydi. Bularni shogird chin ko’ngildan xohlab qiladi, majburlikdan emas. Ustoz o’quvchini, shogirdini yaxshi ko’rsa, o’quvchi ustozini yaxshi ko’rsa, qalblari bir biriga bog’lansa shunda ilm yuqadi. Ahli ilmlar aytganidek, ilm qalbda bo’ladi va qalbdan qalbga o’tadi.
Shuning uchun har doim ustoz vazifa bersa, qilish, tavsiyalar bersa, so’zsiz amal qilishi kerak bo’ladi. Ustoz albatta sizni ilmli bo’lishingizni istaydi. Ustoz oldida odob saqlash, intizom bilan o’tirish bular ilm olishda juda muhim omillardan hisoblanadi. Eng asosiysi Ilmni faqat Alloh uchun olish kerak.
Ilm bebaho boylik, uni egallash oson ish emas. Ulamolar ilm olishni igna bilan quduq qazishga o‘xshatishgan. Inson shunday bebaho xazinaning sohibi bo‘lishida ustozning o‘rni beqiyos.
Shuning uchun Imomi a’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh: «Ustozim Hammodning hurmati uchun uning uyi tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, uning uyi bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammod vafot etgandan so‘ng qachon namoz o‘qisam har safar albatta ota-onamga qo‘shib, unga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u ustozim, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta, o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman».deya marhamat qilganlari rivoyat qilinadi.
Shunday ekan azizlar barchamiz ustozlarni qadrlab, doimo ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishimiz lozim.
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti axborot resurs markazi rahbari:
Raxmatulla Masharipov
Izohlar