Qurʼonga oid fatvolar
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu “Qur’on shafoat qiluvchidir. Kim uni o‘ziga imom qilib olsa, Qur’on uni jannatga boshlaydi, kim uni orqasiga tashlab qo‘ysa, u kishini orqasidan do‘zaxga haydaydi" dedilar.
Qur’on tilovat qilishda mus'hafni ushlab o‘qisa, tahoratli bo‘lmoq shart. Balog‘at yoshiga yetmaganlar uchun tahorat shart emas.
O‘tirib o‘qish afzal va ko‘krakdan yuqori ushlash kerak.
O‘ttiz porani tafakkursiz, beparvo o‘qimoqdan, bir oyatni tafakkur bilan o‘qimoq afzaldir.
G‘amgin holda o‘qimoq lozimdir.
Tajvid bilan o‘qimoq vojibdir.
Tilovatdan so‘ng duo mustajobdir.
Qur’onni og‘zaki o‘qishda betahorat bo‘lmoq va yurib ketayotib tilovat qilmok joiz, lekin yuqorida aytilganday o‘tirib o‘qish afzal.
Junub kishiga ushlash ham, qiroat ham mutlaqo joiz emas.
Mus'haf ustiga biror narsa qo‘yish joiz emas.
Tahoratsiz odam Qur’onni ushlamay o‘qishi mumkin.
Qur’onni butun yod olish farzi kifoya, "Fil" surasigacha yod olish qiroat uchun bo‘lgan zaruratni qondirishga yetgani uchun shartdir.
Fiqhiy kitob o‘qiyotgan yoki yozayotgan va namoz o‘qiyotgan odamga eshittirib Qur’on o‘qish makruhdir.
Qabristonda qur’on o‘qish imomi A’zam nazdida makruhdir, shogirdi imom Muhammad nazdida esa joizdir va fatvo ham shungadir.
Kofir va mushriklarga Qur’on va fiqhdan ta’lim berish joiz, chunki Rasululloh ularga qur’on o‘qib, ularni da’vat qilar edilar. Qur’ondan ta’lim berish uchun xaq olish joiz. Agar muhtoj bo‘lsa.
Yurib ketayotib past ovoz bilan qiroat qilish mumkin.
Ish qilayotib o‘qisa qiroatdan yanglishmasa, joiz.
Qiroat paytida ota-onasi, ustozi yoki olim kishi kirib qolsa, o‘rnidan turish joiz.
Qur’onni o‘pib, yuziga surish joiz.
Qur’on juda eskirib foydalanishga yaramay qolsa, lattaga o‘rab ko‘mib qo‘yish joiz yoki yondirib yuborsa ham joiz. Usmon roziyallohu anhu shunday qilgan.
Yerga solingan narsalarga oyat yozib qo‘yish joiz emas. Qori kishi odob-ahloqda o‘zgalardan ajrab turmog‘i lozim.
Yorqinjon qori FOZILOV,
"Jannat sog‘inchi" kitobidan.
Izohlar