15.04.2025

Qur’on mus’haflarining jamlanish tarixi

Qur’on Mus’haflarining Jamlanish Tarixidagi Muqaddas Manba: Ibn Abu Dovud Sijistoniyning “Kitabul Masohif” asari

Islom ilmlarining rivojida Qur’on ilmlari alohida o‘ringa ega. Bu sohada kalom, tafsir, qiroat, tarix, fiqh va boshqa fanlar bilan bevosita bog‘liq ilmiy meros shakllangan. Ushbu meros ichida Qur’on Karimning yozma nusxalari, ularning jamlanish tarixi va sahobalar davridagi yozish amaliyotini o‘rganuvchi asarlar nihoyatda muhim hisoblanadi. Ana shunday nodir manbalardan biri – “Kitabul Masohif” bo‘lib, u Abu Bakr Ibn Abu Dovud as-Sijistoniy qalamiga mansubdir.

To’liq ismlari Abu Bakr Abdulloh Ibn Abu Dovud Sulaymon Ibn Ash’as Al-Azdiy As-Sijistoniy bo’lgan buyuk imom Ibn Abu Dovud (vafoti – 316 hijriy) – nomlari bilan mashhur bo’lib, hadis ilmining yetuk namoyandalaridan biri, ulkan muhaddis Abu Dovud as-Sijistoniy (Sunan Abu Dovud muallifi)ning farzandi bo‘lib, otasi kabi hadis ilmi, Qur’on qiroatlari va mus’haflar tarixi borasida chuqur bilim egasi bo‘lgan. Uning eng mashhur asarlaridan biri – “Kitabul Masohif” bugungi kunda ham Qur’on matnining ilk davrda qanday jamlangani va tarqatilgani borasida asosiy manba sifatida qaraladi.

Asar Qur’on oyatlarining jamlanishi, sahobalar qo‘lida bo‘lgan mus’haflar, Abu Bakr va Usmon ibn Affon davrida Qur’onni birlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida hadisi shariflar asosida batafsil ma’lumot beradi. Asar, ayniqsa, Usmon ibn Affon davrida Qur’onning rasmiy nusxasi tayyorlanib, qolgan mus’haflar yo‘q qilingani haqidagi tafsilotlarni aniq rivoyatlar bilan bayon qiladi.

Qur’onning jamlanish bosqichlari:Ibn Abu Dovud Qur’on matnining birinchi jamlanishini Abu Bakr Siddiq davrida Zayd ibn Sobit boshchiligida amalga oshirilgan deb ta’kidlaydi. Ikkinchi bosqich esa Usmon ibn Affon davriga to‘g‘ri keladi. Ulamolar ittifoqiga ko‘ra, aynan Usmon mus’hafi – hozirgi bizda mavjud rasmiy Qur’on nusxalarining asosi hisoblanadi.

Ibn Abu Dovud ushbu asarida sahih rivoyatlar orqali kelgan hadislarni shunday sharhlaydilar:“Usmon ibn Affon r.a mus’haflarni ko‘paytirishni va boshqa qiroatlarni yo‘q qilishni buyurganida, sahobalardan hech kim bu ishga qarshi chiqmadi. Aksincha, barchasi bu qarorni to‘g‘ri deb bildilar va ijobiy qarshi oldilar”

Imom Qurtubiy ham tafsir kitoblarida shunday deydi:“Usmon r.a. tomonidan Qur’onni bir qiroatga birlashtirish ijtihodi ustida sahobalar ittifoq (qabul) qilgan. Ular bu qarorni ma’qullab, turli qiroatlarning kelajakda ixtilofga sabab bo‘lishini bartaraf etganliklarini e’tirof etdilar”.

Usmoniy mus’hafning sahobalar roziligi bilan tarqalishi: Ibn Abu Dovud asarida yozadiki, mus’haflar tayyor bo‘lgach, ularni viloyatlarga yuborish va boshqa mus’haflarni yo‘q qilish amri Usmon tomonidan ochiq e’lon qilingan, va bu hol sahobalar orasida norozilik tug‘dirmagan, balki ular ushbu qarorda birlikni saqlash va Qur’onni noto‘g‘ri o‘rganishdan saqlash zarur deb qabul qilganlar.

Asarda aytilishicha Usmon ibn Affon tomonidan ko‘paytirilgan mus’haflar Kufa, Basra, Makka, Shom, Yaman kabi viloyatlarga yuborilgan.

Xulosa: Abu Bakr Ibn Abu Dovud as-Sijistoniy tomonidan yozilgan “Kitabul Masohif” asari islom ilm-fanining bebaho boyliklaridan biridir. Qur’on Karimning jamlanish jarayoni sahih hadislarga, sahobalar ijmoisi(bir qarorga kelishi)ga va tarixiy voqealarga asoslangan bo‘lib, hozirgi mus’haf shaklining ishonchli manbalar orqali bizga yetib kelganini tasdiqlaydi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi Xudashkurov Hikmatulloh