Mag‘lubiyatga olib keladigan holatlar
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taoloning «Munofiqlar yolg‘onchidirlar», deb bergan guvohligi rost. Munofiqlar ishonchli va’da bergan bo‘lishlariga qaramasdan, o‘z do‘stlarini yordamsiz qoldiradilar.
Ushbu oyatda Alloh taolo munofiqlar bilan ularning ahli kitob birodarlarining haqiqiy basharalarini yana fosh etaveradi.
«Ey mo‘minlar!
«Albatta, ularning qalblariga Allohdan ko‘ra sizlar ko‘proq qo‘rqinchli tuyulasizlar. Bu, albatta, ular yaxshi anglamaydigan qavm ekanidandir» (Hashr surasi, 13-oyat).
Haqiqatan, munofiqu kofirlar Allohdan ko‘ra mo‘min-musulmonlardan ko‘proq qo‘rqadilar. Agar Allohning O‘zidangina qo‘rqqanlarida edi, munofiq ham, kofir ham bo‘lmas edilar. Nima uchun ular Allohdan qo‘rqmay, bandadan qo‘rqadilar?
«Bu, albatta, ular yaxshi anglamaydigan qavm ekanidandir».
Chunki ular Allohning ulug‘ligini tushunib yetmaganlar.
Qur’oni Karim Islom dushmanlarining asl basharalarini fosh etishda davom etadi:
«Ey mo‘minlar! Yahudiylar va munofiqlar
«Sizlarga qarshi uyushib, ochiq urush qila olmaslar, balki qo‘rg‘on bilan o‘ralgan qishloqlarda yoki devorlar ortidan (urush qilurlar). O‘z oralarida adovatlari shiddatli. Ularni bir deb o‘ylaysan. Holbuki, qalblari tarqoqdir. Bu, albatta, ular aql yuritmaydigan qavm ekanidandir» (Hashr surasi, 14-oyat).
Ya’ni munofiqlar va yahudiylar qo‘rqoq bo‘lganlari uchun, musulmonlarga qarshi yuzma-yuz turib urusha olmaydilar.
«Sizlarga qarshi uyushib, ochiq urush qila olmaslar...»
Balki qochib-pisib, devorlar ortidan turib urushadilar.
«...balki qo‘rg‘on bilan o‘ralgan qishloqlarda yoki devorlar ortidan (urush qilurlar)».
Sirtdan ko‘rsang, ular ittifoq, birdam, hamkor bo‘lib ko‘rinadilar.
Aslida esa qalblari tarqoq, oralarida ixtilof tomir otgan.
«O‘z oralarida adovatlari shiddatli. Ularni bir deb o‘ylaysan. Holbuki, qalblari tarqoqdir».
Ushbu haqiqat munofiqlar va yahudiylarga qarshi o‘tgan barcha urushlarda o‘z isbotini topgan.
Bu umumiy qoida bo‘lib, barcha zamon, barcha makon va barcha millatlarga ham tegishlidir. Ya’ni a’zolari tarqoq bo‘lgan har bir qavm va millat doimo mag‘lubiyatga uchraydi. Tabiiyki, ixtiloflar tufayli istaklar, maqsadlar, firqalar va shiorlar ko‘payadi. Bu esa har bir millatni halokatga olib boradi. Har bir millat o‘z farzandlarining birligi, ittifoqligi va maqsadlarining birligi tufayligina kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oyati karimaning oxirida:
«Bu, albatta, ular aql yuritmaydigan qavm ekanidandir», – deydi.
Demak, mag‘lubiyatga olib keladigan ixtiloflar, urush-janjallar xalqning siyosiy xomligidan, o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini anglab yetmaganidan kelib chiqadi.
Banu Nazir qabilasining boshiga tushgan kun yangilik emas. Balki avval ham kofirligi, osiyligi uchun azobga duchor bo‘lganlar o‘tgan. Ya’ni
«Bu xuddi ulardan oldingi, yaqinda o‘z qilmishlarining uqubatini tatiganlarga o‘xshashdir. Va ularga alamli azob bor» (Hashr surasi, 15-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo Madinada yashab o‘tgan boshqa bir yahudiy qabilasi – Banu Qaynuqo’ voqeasiga ishora qilmoqda.
Banu Qaynuqo’ voqeasi Badr urushidan keyin bo‘lib o‘tgan. Rasululloh alayhissalom u qabila bilan ahdnoma tuzgan edilar. Badr urushida musulmonlarning mushriklardan g‘olib kelgani yahudiylarga yoqmadi. Bu ulkan g‘alabaga hasad qildilar va Madinada musulmonlarning obro‘si ortib, o‘zlarining obro‘lari pasayishidan qo‘rqdilar. Banu Qaynuqo’ qabilasi Nabiy alayhissalomga qarshi uyushtirayotgan fitna haqida xabar keldi. Ul zot yahudiylarga ahdnomani eslatdilar va oqibati yomon bo‘lishini ta’kidladilar. Ular qo‘pollik bilan tanqid aralash javob berdilar: «Ey Muhammad! Bizni o‘z qavming deb o‘ylayapsanmi?! Urushni bilmaydigan qavm ustidan qozongan g‘alabangdan kekkayma! Allohga qasamki, biz senga qarshi urushsak, kimligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz!» – deyishdi.
Banu Qaynuqo’ qabilasi turli fitnalarni qo‘zg‘ay boshladi. Bozorda bir muslima ayolni haqorat qilganlaridan so‘ng, ular bilan musulmonlar o‘rtasida urush boshlandi.
Nabiy alayhissalom ularni bir muddat qamal qilib turdilar. Oxiri Qaynuqo’ ahli o‘zlari bilan molu mulklarini olib, qurol-aslahalarini qoldirib, Madinai Munavvaradan Shomga ko‘chib ketadigan bo‘lishdi.
Demak, biz ko‘rib o‘tgan oyati karimada Banu Nazir ahli ham xiyonat, isyon tufayli xuddi ulardan avval Banu Qaynuqo’ ahli tushgan holatga tushganlari eslatilmoqda.
«Tafsiri Hilol» kitobidan
Izohlar