Dunyoviy ishlarda zohirga binoan hukm chiqariladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ulamolarimiz: «Islom musulmonlar jamoasi haqqidir, iymon Alloh taoloning haqqidir», deydilar. Iymon qalbga bog‘liq haqiqat bo‘lib, uning haqiqatidan yolg‘iz Alloh taoloning O‘zidan boshqa birorta zot xabardor bo‘la olmaydi. Bu narsa Alloh taoloning O‘zining xos haqqidir. Iymon bo‘yicha bahoni ham, mukofot yoki jazoni ham faqatgina Alloh taoloning O‘zi beradi.
Mo‘min-musulmonlar esa zohiriy alomatlarga qarab muomala qiladilar. Ularning odamlar ichidagi haqiqatni bilishga imkonlari yo‘q va bu narsa ulardan talab qilingan ham emas.
Bunga imom Buxoriy Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadisni misol tariqasida keltirish mumkin:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni Juhaynaning yerlaridan Hurqaga yubordilar. Biz ularni tong chog‘ida bosdik. Men ansoriylardan biri bilan ulardan bo‘lgan bir kishiga yo‘liqdim. Uni o‘rab olgan edik, u «Laa ilaaha illallohu!» dedi. Ansoriy to‘xtab qoldi, men esa uni nayzam bilan qatl qildim.
Kelganimizda bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib bordi. U zot: «Ey Usoma! «Laa ilaaha illallohu», deganidan keyin ham uni qatl qildingmi?!» dedilar. «Ey Allohning Rasuli, buni o‘limdan qutulish uchungina aytdi», dedim. U zot o‘z gaplarini qayta-qayta takrorlayverdilar, takrorlayverdilar, hatto «O‘sha kungacha musulmon bo‘lmagan bo‘lsaydim», deb orzu qildim».
«Sunniy aqiydalar» kitobi asosida tayyorlandi
Izohlar