BЕMORLARNI ZIYORAT QILISHDAGI ODOBLAR!
Bemorni ko‘rgani borish va unga shirin muomala qilish haqida juda ko‘plab Hadisi shariflar rivoyat qilingan. Bu Hadislardan Bu ishni qilish har bir musumonning diniy burchi yekanligi va biz o‘z dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, bemorlarimizni o‘z vaqtida ko‘rgani borib yursak har tomonlama foyda bo‘laishini ko‘ramiz. Ana shunday Hadislardan birida:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh azza va jalla qiyomat kuni: «Ey, Odam bolasi, bemor bo‘ldim, ko‘rgani kelmading?!» deydi.
«Ey, Robbim, qandoq qilib Seni ko‘rgani boraman? Sen Robbul Olamiyn bo‘lsang?» der.
«Bilmadingmi? Bandam falonchi bemor bo‘ldi. Sen uni ko‘rgani bormading. Bilmadingmi? Agar sen uni ko‘rgani borganingda, Meni uning huzurida topgan bo‘lar eding. Ey Odam bolasi, sendan taom so‘radim, Menga taom bermading?!» deydi.
«Ey, Robbim, qandoq qilib Senga taom berayin? Sen Robbul Olamiyn bo‘lsang?» der.
«Bilmadingmi? Bandam falonchi sendan taom so‘radi. Sen unga taom bermading. Bilmadingmi? Agar sen unga taom berganingda, o‘shani Mening huzurimda topgan bo‘lar eding. Ey, Odam bolasi, sendan serob qilishni so‘radim, Meni serob qilmading?!» deydi.
«Ey, Robbim, Qandoq qilib Seni serob qilay? Sen Robbul Olamiyn bo‘lsang?» der.
«Bandam falonchi sendan serob qilishni so‘radi. Sen uni serob qilmading. Agar sen uni serob qilganingda, o‘shani Mening huzurimda topgan bo‘lar eding», deydi». Muslim rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi qudusiyda muhtoj kishilarga taom va sharob tutish xuddi Alloh taologa taom va sharob tutishga tenglashtirilmoqda. Bunday ulug‘ ishni qilishga imkoni bo‘lgan har bir musulmon, albatta, uni amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Alloh taoloning, «o‘shani Mening huzurimda topgan bo‘lar eding», deyishi, o‘sha ishning savobini, deganidir.
Biz bu rivoyatdan hozir dalil bo‘ladigan joyi quyidagi qismidir:
«Ey, Odam bolasi, bemor bo‘ldim, ko‘rgani kelmading?!» deydi.
«Ey, Robbim, qandoq qilib Seni ko‘rgani boraman? Sen Robbul Olamiyn bo‘lsang?» der.
«Bilmadingmi? Bandam falonchi bemor bo‘ldi. Sen uni ko‘rgani bormading. Bilmadingmi? Agar sen uni ko‘rgani borganingda, Meni uning huzurida topgan bo‘lar eding».
Demak, bir bemor bandani ko‘rgani borgan odam juda ulug‘ ish qilgan bo‘lar ekan. Bir bandani bemor bo‘lganini bilib turib uni ko‘rgani bormagan odam esa, katta nuqsonga yo‘l qo‘ygan bo‘lar ekan.
Shuning uchun tanish-bilishlarimizdan bemor bo‘lgan kishilarni darhol ko‘rgani borishga harakat qilmog‘imiz lozim.
Dinimizda har bir xayrli ishning odobi bo‘lgani kabi, ulamolarimiz bemorning ziyorati bobidagi odoblarni quyidagicha sanab berganlar:
Avvalombor biz ko‘rmoqchi bo‘lgan bemorga Shifokor boshqa insonlar bilan ko‘rishishni man qilgan yoki qilmaganini bilish lozim ” chunki COVID-19, Qizamiq va boshqa yuqumli kasallikga uchragan bemorlar bilan ko‘rishish mumkin emas bu Hadislarda va tibbiyotda bayon qilingan” shunday bemorlarni ko‘raman deb shifokorlarga pul, yoki qandaydir tanish-bilish, va po‘psa qilish musulmon kishiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlardandir.
Xastalangan kishining huzuriga kirganda, ochiq yuz, xush ko‘ngil, shafqat bilan muomala qilinadi, uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, ko‘p va qattiq ovozda gapirilmaydi.
Kasal ko‘rish chog‘ida bemorga dard – Allohning bir ne’mati ekani, banda unga sabr qilsa, Alloh taolo bilib-bilmasdan qilingan gunohlarni kechirishini aytib, bemorni ko‘ngli ko‘tariladi.
Bemorning bosh-ko‘zi, manglayi, oyoq-qo‘lini silab, yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngli ko‘tariladi, dard vaqtinchalik ekanini aytib, tasalli beriladi.
Kasal kishining ziyoratiga ozroq hadya olib, salom bilan kiriladi va unga yaqin, iloji bo‘lsa, bosh tomonida o‘tirib, ahvoli so‘raladi.
Bemorni ziyorat qilish – Alloh taoloni ziyorat qilishga tenglashtirilgan, xasta kishi garchi g‘ayridin kishi bo‘lsa ham, hol so‘rash yaxshidir.
Kasal bo‘lgan odamni borib ko‘rishning savobi va fazilati juda ko‘p. Bemorni ziyorat qilish, undan hol-ahvol so‘rash, biror yetishmovchiligi bo‘lsa, ko‘maklashib yuborish – musulmon kishi zimmasidagi zarur vazifalardandir.
Uning huzurida past ovozda, tabassum bilan gapiriladi, “Ko‘nglingiz nima tilaydi?” – deb so‘raladi. Agar u xohlagan narsasini aytsa va bu unga zarar qilmasa, xoh o‘zi, xoh yaqinlari orqali topib berishga harakat qilinadi.
Bemor yotgan uyda kulish, yig‘lash yaxshi emas, har xil kinoyali, og‘ir botadigan, ko‘ngilga keladigan so‘zlarni aytilmaydi.
Agar zarurat bo‘lmasa, kasal ko‘rgani kechasi bormagan ma’qul, chunki dard odatda kechga borib kuchayib, bemorning ahvoli tanglashadi yoki u charchab, oromga shaylangan bo‘ladi.
Kasalni toliqtirib qo‘ymaslik uchun uning oldida uzoq o‘tirilmaydi. O‘zining roziligi bo‘lsa, bir oz o‘tirib, ko‘nglini ko‘taruvchi ibratli hikoyalar so‘zlab turiladi. Gapi sovuq, befarosat kishilarni bemorning yoniga yo‘latmagan ma’qul.
Xastalikka chalingan kishi ham, o‘z navbatida, kelganlarga dardi haqida gapirib, hikoya qilavermasligi, faqat so‘ralgandagina javob qaytarishi kerak. U dardi kuchayganida, o‘ziga o‘lim tilamay, Allohdan shifo so‘raydi va shukrona aytadi.
Bemorning huzuridan turayotganda, uning haqqiga duo qilib, Allohdan shifo so‘raladi. Imkon bo‘lsa bemorni duosi olinadi. Chunki uning duosi ijobatdir. Xayrlashishda “Xudo xohlasa, tezda tuzalib ketasiz”, “Dard ham bir mehmon, hali sog‘ayib ketasiz” kabi so‘zlar bilan tasalli beriladi.
Bu ishni qilish har bir musumonning diniy burchidir. Biz o‘z dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilib, bemorlarimizni o‘z vaqtida ko‘rgani borib yursak har tomonlama foyda bo‘ladi.
Boshqa millatlarda shu narsaga muhtojlar. Bemorlarini ko‘rgani borish unchalik ko‘ngildagidek bo‘lmagan joylar ham bor ekan. Hatto ba’zi joylarda falon shifoxonadagi bir bemorning holidan xabar olib buncha vaqt gaplashib o‘tirgan odamga manavuncha haq beramiz, degan e’lonlar ham chiqar ekan.
Shundan ham bizning dinimiz qanchalik rahmat, shafqat dini ekanini bilib olsak bo‘laveradi.
M.Yunusxo‘jayev
Imom Faxriddin ar-Roziy O‘MIBYU mudarrisi
Izohlar