Ilm va bilim: farq nimada?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mahallada yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlaydigan Sardorbek shanba kuni ertalabdan bozorga tushdi. Birinchi galda ta’tilda bolalar zerikib qolmasin deb, ularga kitoblar sotib oldi. So‘ng dehqon bozor tarafga yurdi. Tushdan so‘ng maktabda atrof-muhitni muhofaza qilishga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tadbirga borishi kerak. Shu bois, ro‘zg‘or uchun kerakli barcha narsalarni tez-tez xarid qilib, uyga shoshildi. Uyga kirganida savol beraverib oyisini boshini og‘ritib o‘tirgan olti yashar o‘g‘li Murodjonga ko‘zi tushib, uni ham o‘zi bilan tadbirga olib ketish kerakligini esladi. Bugun bolalar bog‘chasi ishlamaydi. Institutda o‘qiydigan ayolining aynan shu bugun yakuniy imtihoni ekan. Shuning uchun Murodjonni maktabdagi yig‘ilishga birga olib ketishni iltimos qilgandi. Dadasi bilan tadbirga borishini eshitgan bola tezda kiyinib chiqdi-da, so‘ng onasiga jiddiy ohangda «Qaytib kelganimizda sizga va opalarimga majlisda nimalarni gapirishganini aytib beraman», deya va’da berdi.
Tadbirda ekologiya qo‘mitasi vakili «kattalar» tilida – atmosfera va suv havzalarining ifloslanishi, suv va oziq-ovqat taqchilligi, global isish va yerlar degrodatsiyasi – tuproq eroziyasi muammolari bo‘yicha ma’ruza o‘qidi. Undan so‘ng so‘zga chiqqan Sardor biroz soddaroq tilda Orol dengizi nima sababdan qurigani, o‘rmonlaru daryolarni nima uchun asrash kerakligi, yangi qonun hujjatlariga muvofiq, bundan buyon mashinada o‘tirib, tashqariga chiqindi uloqtirgan haydovchi va yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida gapirdi. Bola ma’ruza o‘qigan professorning nima deganini deyarli tushunmagan bo‘lsa-da, dadasining gaplarini mazza qilib tingladi. Uyga kelgach, Murodjon tabiat himoyachisining quruq nutqi haqidagi fikri va otasining gaplarini onasi va opalariga yetkazdi. Bu holatda bola ma’lumot tarqatuvchi vazifasini o‘tab berdi, desak ham bo‘ladi. Demak, ma’ruzachi, ya’ni ilm beruvchi ma’lumotlarni tinglovchining yoshidan qat’i nazar, unga u tushunadigan ko‘rinish (holat)da taqdim etsagina, tinglovchi ma’lumot (ilm)ni qabul qiladi – ma’lum darajadagi bilimga ega bo‘ladi. Mustaqil bilim olmoqchi bo‘lgan ilm izlovchi, qiyin mavzularni o‘rganish paytida, albatta o‘sha soha mutaxassisi, ya’ni ustozdan ko‘rsatma, yo‘l-yo‘riq olishi lozim.
Umuman olganda, bilim olish, ilmli bo‘lish, qayerdandir yoki kimdandir olingan qandaydir ma’lumotni aql-idrok ila qayta ishlash, kerakli xulosalarni chiqarish, tafakkur qilish faqat insongagina xos xislatdir. Ahamiyatli tomoni shundaki, bilimli bo‘lishga harakat qilgan odam har tomonlama manfaat ko‘radi. Xususan, ilm olgan kishi bu dunyoda obro‘-e’tibor orttirish, yuksak martabaga erishish barobarida Yaratganning nazariga tushadi. Bu haqda Qur’oni Karimda ham, hadisi shariflarda ham aytiladi. Jumladan:
«Alloh sizlardan iymon keltirganlarni, xususan, ilm berilganlarni darajalarga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat).
Shunday ekan, ilm olishimiz, bilimli bo‘lishimiz uchun bizga nima to‘sqinlik qilyapti? O‘rni kelganda «bilim» va «ilm» so‘zlarining ma’nosi, mazkur ikki kalomning bir-biridan farqi nimadan iborat ekaniga to‘xtalib o‘tsak. «Bilim» so‘zi «bilish», «ma’lumotga ega bo‘lish», «anglash», «o‘zlashtirish» ma’nolarini anglatadi. «Bilim»ning «ilm»dan farqi shundaki, «bilim» – o‘zbekcha (turkiy) so‘z, «ilm» esa arab tilidan kirgan. Arabcha «i’lmun» kalimasi ham «bilish», «ma’lumotga ega bo‘lish» mazmuniga ega. O‘zbek tilida «bilim» va «ilm» so‘zlari sinonim so‘zlar sifatida qo‘llaniladi.
Shu o‘rinda ilm foydali hamda foydasiz bo‘lishi, xatto «zararli ilm» degan tushuncha mavjudligini aytib o‘tish darkor. Masalan, bir kishi diniy yo‘nalish bo‘yicha ilm olib, ushbu ilmga amal qilmasa, uning olgan ilmi foydasiz hisoblanadi. Na dinga, na jamiyatga naf keltiradigan, masalan, sehrgarlik yoki folbinlik kabi odamlarni aldash uchun qo‘llaniladigan bilimlarni o‘rganish esa haromdir.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ilm talab qilish yo‘liga tushsa, Alloh unga jannatning yo‘lini yengillashtiradi», dedilar» (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Ilmga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Har bir insonning oliy maqsadi – jannat. Jannatga erishish uchun u har narsaga, har qanday qiyinchiliklarga tayyor turadi.
E’tiborli tomoni shundaki, boylik, pul va davlat sarflangani sayin ana shu boylik kamayib boraveradi. Ilm ulashsangiz, aksincha, ilmingiz ziyoda bo‘lsa bo‘ladiki, ozaymaydi.
Ba’zan tolibi ilmlar ustozga savol berishni or deb hisoblaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida bunday marhamat qiladilar: «Ilm – xazinadir, uning kaliti savoldir. So‘ranglar, so‘rashda to‘rt kishi savobga ega bo‘ladi: so‘rovchi, olim, ya’ni o‘qimishli odam, eshituvchi va ularni do‘st tutuvchi» (Bayhaqiy rivoyati).
Alisher Navoiy hazratlari esa:
«Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim,
Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim», deya Nabiy alayhissalomning aytganlarini davom ettirdilar. Vaqti kelib, yuqorida tilga olgan qahramonimiz Murodjon ham ota-onasidan tushunmaganlarini so‘rab, oqil, esli-xushli bola bo‘lib voyaga yetishiga umid qilib qolamiz.
Zero, oilali bo‘lish, farzandlarga tarbiya berish, uy-joy qurish, biron soha bo‘yicha ish yuritish uchun ham ilm o‘rganish kerak. Binobarin, ba’zan ilmsizlik oqibatida arzimagan xatolar sabab oilalar parokanda bo‘lmoqda, qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushmoqda, noto‘g‘ri qurilgan imoratlar xavfli maskanga aylanmoqda, tadbirkorlikka sarflangan mablag‘lar zoye ketmoqda.
Ilm chegarasiz ummondir. Ilm olish esa ov qilish jarayoniga o‘xshaydi, ustozlar tomonidan berilgan bilimni kerak bo‘lsa yozib, o‘zlashtirib olmasangiz, qo‘lingizdagi tayyor o‘lja qochib ketadi. Bundan tashqari, egallangan bilim takrorlanib turilmasa, kuchini yo‘qota boshlaydi. Shuning uchun ham ilm sohibi, har dam ulamolar anjumanlarida qatnashishi, yangiliklardan xabardor bo‘lib turishi, shogirdlariga saboq berish jarayonida bilimlarini charxlab borishi darkor.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh men orqali yuborgan hidoyat va ilm xuddi yerga yoqqan mo‘l yomg‘irga o‘xshaydi: uning yaxshi joylari bo‘lib, suvni singdiradi va (u yerdan) ko‘plab o‘t-o‘lanlar o‘sib chiqadi. Uning qattiq, qurg‘oq joylari ham bo‘lib, suvni to‘plab qoladi va Alloh bu bilan odamlarga manfaat beradi: undan ichishadi, ekinni sug‘orishadi, (unib chiqqan o‘t-o‘lan bilan) chorvalarini boqishadi. (Mo‘l yomg‘ir yerning) boshqa joyiga ham yog‘adi. U suv ham to‘planmaydigan, ekin ham o‘smaydigan tekislikdir. Mana shu Allohning dinida faqih bo‘lgan, Alloh men ila yuborgan narsa manfaat bergan kishining; o‘zi o‘rgangan va (o‘zgalarga ham) o‘rgatgan kishining hamda bunga e’tibor bermagan, Allohning men ila yuborilgan hidoyatini qabul qilmagan kishining misolidir» (Muslim rivoyati).
Osmondan yoqqan yomg‘ir o‘lik yerlarga hayot baxsh etganidek, haqiqiy ilm va ko‘rsatmalar o‘lik qalblarni tiriltiradi. Eshituvchilar yomg‘ir yoqqan har xil yerlarga o‘xshaydi... Ularning ba’zilari xuddi unumdor yer kabi ilmga amal qiladigan olimlar hamda muallimlardir. Suv ichib, o‘zi foydalanadi, o‘simliklarni o‘stirib boshqalarga ham foyda keltiradi. Ba’zilari esa zamonasidagi barcha ilmni egallaydi, lekin unga amal qilmaydi, ya’ni unga muvofiq hayot kechirmaydi. Ammo boshqalarga yetkazadi. Bu odamlar suvni o‘zida saqlab qolgan va odamlar uning bag‘ridagi suvdan foydalanayotgan yerga o‘xshaydi. Uchinchi toifa esa ilm olmaydi, tabiiyki atrofdagilarga hech qanday naf keltirmaydi.
Albatta, ilm yo‘lida yurib, o‘ziga ham o‘zgalarga ham manfaat yetkazgan kishi bilan bilimsizlik zulmatlari ichida yurishga rozi bo‘lgan kishi orasida katta farq bor. Ilm-fan, texnika va texnologiya shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi kunda bilim olishga intilmaslik bu taraqqiyotdan orqada qolish demakdir.
Sir emas, ba’zi yoshlarimiz maktabni bitirar-bitirmas tezroq va ko‘proq pul topish ilinjida o‘zlarini bozorga urmoqda, ishlash uchun chet elga ketishga urinmoqda. Ta’lim olish, bilimli bo‘lish esa ular uchun ikkinchi darajali, ahamiyatsiz ehtiyoj bo‘lib qolyapti. Umid qilamizki, bizning Murodjon xorijiy tillarni o‘rganmasa, diplomli bo‘lmasa, katta yutuqlarga erishishi qiyinligini anglaydi va o‘qishga, ayniqsa, aniq fanlarni o‘zlashtirishga, axborot texnologiyalariga oid bilimlarni egallashga, IELTS yoki SEFR bo‘yicha ko‘proq ball to‘plashga harakat qiladi.
Mamlakatimizda bilimli bo‘lish, ya’ni ilm o‘rganish uchun barcha sharoitlar mavjud. Xohish-istak, harakat bo‘lsa, bas. So‘zimiz isboti uchun bundan 10 – 15 yil avval maktabni bitirgan yoshlarning faqat davlat ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyati bo‘lgani, bugungi kunda esa ana shunday ilm dargohlari safiga ko‘plab til markazlari, yangi xususiy universitetlar, IT (ay-ti), biznes maktablari va boshqa yo‘nalishdagi ta’lim maskanlari qo‘shilganini misol qilib ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Xulosa o‘rnida ilm olish hech qachon kech emasligini, aytib o‘tish joiz. Demak, Sardorga o‘xshagan otalar farzandlari qo‘liga kitob tutqazishlari, nima bo‘lishidan qat’i nazar, bolalarni yaxshi o‘qitish, ularning ziyolilar qatoridan o‘rin olishi uchun zamin yaratib berishlari kerak.
Ziyodulla Hamidov
«Hilol» jurnalining 6(51) sonidan
Izohlar