21.02.2024

Musulmonni so‘kish fosiqlikdir!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Zohiridan dinga amal qiluvchi, taqvodor bo‘lgan, ayrim zohiriy sunnatlarga amal qilishda mahkam bo‘lgan ba’zi-bir odamlarning o‘ta qabih, fahsh so‘zlar bilan bir-birlarini so‘kayotganlarini, hamma kuch va g‘azabini mo‘min birodarlariga yo‘naltirayotganlarini ko‘rsam, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Zarr roziyallohu anhuga aytgan so‘zlari yodimga tushaveradi. "إنك امرؤ فيك جاهلية" ya’ni, «Senda johiliyat xislati bor ekan. O‘zida johiliyat sarqiti mavjud bo‘lgan odam ekansan!» Xuddi shu so‘zlar bilan Nabiy alayhissalom Abu Zarr roziyallohu anhugaga tanbeh bergan edilar. Bu tanbehdan ancha vaqtga qadar mazkur sahobiy o‘zlariga kelolmay yurganlar. Hatto, bu so‘zlar u zotga juda og‘ir kelgan. Chunki, olamlarni zulmatlardan nurga olib chiqish uchun yuborilgan Islom qofilasiga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgan, umrini Islom nurining yoyilishiga baxshida aylagan ulug‘ sahobiy yoshi bir joyga yetganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu qadar qattiq tanqidni kutmagan edi. O‘shanda Abu Zarr roziyallohu anhu bir kishi bilan urishib qolib, g‘azab ustida uning onasiga til tekkizgan edilar. Unga «Ey, qora xotinning bolasi!», deya onasi bilan orlantirgan edilar. Bu ham onadan so‘kish bo‘ladi. So‘kish deganda faqat uyatsiz so‘zlar, farj va jinsiy a’zolar aralashtirib aytiladigan so‘zlarnigina tushunmaslik kerak. Aslida, kishining yuziga aytiluvchi va uning karomatini yerga uruvchi har qanday yomon so‘z shar’iy o‘lchovda so‘kish bo‘ladi. Zotan urfda ham shunday. Shuning uchun hadisi sharifda Nabiy alayhissalom Abu Zarr roziyallohu anhuga "أفنلت من أمه؟" ya’ni, «Onasini so‘kdingmi?! Nahot, onasini so‘ksang?!» deya savol beradilar. Arab tilida so‘kish ma’nosini anglatuvchi so‘zlar juda ko‘p. Ulardan biri "نال" fe’lining "من" harfi bilan ishlatilishidir. Bu so‘z "شتم" va "سب" so‘zlari kabi kishining irziga, obro‘siga tajovuz qilish, karomatini yerga urish ma’nolariga dalolat qiladi. So‘kilgan sahobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qilib boradi. Nabiy alayhissalom Abu Zarr roziyallohu anhudan so‘radilar: "أساببت فلاناً؟" «Falonchi bilan so‘kishdingmi?».

Sahobiy: «Ha», dedi.
Payg‘ambarimiz yana so‘radilar: "أفنلت من أمه؟" ya’ni, «Onasini so‘kdingmi?! Nahot, onasini so‘kkan bo‘lsang?!»...

Abu Zarr roziyallohu anhu o‘z ishlariga uzr topish uchun "يا رسول الله، من سبّ الرجال سبّوا أباه وأمه" ya’ni, «Yo Rasulalloh, inson o‘zgalarni so‘ksa, uning otasini va onasini so‘kadilar», dedilar. Ya’ni, «Yo Rasulalloh, odamlarda odat shunday. Kimdir, o‘zgani so‘ksa, yomon gapirsa, albatta, uning otasi yoki onasini so‘kishadi. Menda ham shunday bo‘ldi. Yomon gapirgan edi, onasini so‘kdim» degan ma’noda jarangladi bu so‘zlar. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sen, johiliyat xislati bor bo‘lgan odam ekansan!» degan so‘zlarini yana bir bora qaytardilar. Zero, Allohning dinida bu kabi «uzr» o‘zganing onasini haqoratlash uchun uzr o‘rniga o‘tmas edi. Agar odamlar bir-birlari bilan urishib qolganlarida bir-birlarining onasidan so‘ksalar bu holat o‘ziga yomon so‘z aytgan kimsaning onasi sha’niga til tekkizishga asos bo‘la olmas edi Islomda. Abu Zarr roziyallohu anhuga bu so‘z qattiq ta’sir qildi. "على حين ساعتي هذه من كبر السن ؟" «Yo Rasulalloh, yoshim shu joyga yetganda-ya?!», dedilar. Ya’ni, menki, umrini Islomda va Islom uchun kurashda o‘tkazgan inson hayoti davomida faqat johiliyatga qarshi kurashgan inson... Nahot, menda johiliyat illati qolgan bo‘lsa?!»

Bu so‘zlar Abu Zarr roziyallohu anhu tomonidan Nabiy alayhissalomga e’tiroz emas, balki, umrini johiliyatga qarshi kurash bilan o‘tkazgan inson sifatida hali-hanuz o‘zida johiliyat sarqitlari qolganligidan afsus-nadomat qilgan insonning so‘zi edi. Bunga ishonolmasdi...

Ko‘p ahli ilmlar nazdida mazkur voqeada so‘kilgan kishi Bilol roziyallohu anhu bo‘ladilar. Ammo, mazkur so‘zlarning ko‘pi jazm emas balki, tamriz siyg‘asida vorid bo‘lgan. Ya’ni, «qiyla» (aytiladiki) kabi gumonni ifoda qiluvchi so‘zlar bilan naql qilingan.

Gapning qisqasi, insonning onasini emas o‘zini nohaq so‘kish ham harom ishlar sirasiga kiradi. Balki, bu fosiqlikdir.

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: "سِباب المسلم فسوقٌ، وقتاله كفرٌ" «Musulmonni so‘kish fosiqlik, u bilan (siloh ila) jang qilish esa kofirlikdir».
(Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishini nohaq so‘kish fosiqlik ekanligi aytilgan. Ba’zan, bir inson bilan tortishib qolganingizda u sizni nohaq so‘ksa, siz ham uni yomon so‘zlar bilan javob qaytarish huquqiga ega bo‘lasiz. Lekin, bunda chegaradan chiqmasdan ota-onasini aralashtirmasdan so‘kish mumkin. So‘kish bu yuqorida aytilganidek, biror kimsaning yuziga obro‘sini tushiradigan so‘z aytishdir. Agar o‘zi yo‘qligida bo‘lsa bu ish g‘iybat bo‘ladi. Yuziga aytilsa so‘kish bo‘ladi.

Lekin, shunda ham unga javoban so‘kishga haqli bo‘lgan holingizda uni kechirib, afv qilishingiz, u bilan tenglashishdan yuz o‘girishingiz afzal va savobli ishdir.

Bordiyu o‘zgani nohaq so‘ksangiz qattiq gunohkor bo‘lasiz. Bu ishingiz fosiqlik bo‘ladi. Agar bu bilan ham kifoyalanmasdan musulmon bilan urushsangiz, masalan, pichoqlashsangiz, biror qurol bilan jismiga zarar yetkazsangiz yoki Alloh asrasin, uni o‘ldirsangiz bu ishingiz shu qadar kabira gunoh ekanligi tufayli hadis sharifda "kufr" deya ifoda qilingan. Bu ish o‘ta og‘ir gunoh ekanligi uchun va undan shiddat bilan qaytarish uchun Nabiy sollallohu alayhi va sallam mazkur so‘zni ishlatganlar. Vaholanki, bir musulmon bilan shu tariqa urushgan musulmon dindan chiqib qolmaydi. Balki, uning bu ishi Islom ta’limotiga zid ekanligi, musulmonlarning o‘zaro bir-birlariga nisbatan sodir etishlari mumkin emasligi tufayli bu ish «kufr» deb ataldi. Hadisi sharifda «kufr» so‘zi ishlatilishining yana bir sababi mo‘minning qonini oqizish ya’ni o‘ldirishni halol sanash kufr ekanligiga ishoradir, deydi ba’zi olimlar.

Darvoqe, Abu Zarr roziyallohu anhu mazkur xatolaridan qattiq pushaymon bo‘lib, onasining sha’niga til tekkizganlari kishidan buyuk uzr so‘raganlar. Yerga yuzlarini qo‘yib, yuzlariga oyoq bosishini qattiq turib talab qilganlar. Va uning afvini qozonganlar.

Alisher Sultonjodjayev

Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 7 sentyabrdagi 03-07/7119-raqamli xulosasi asosida tayyorlandi.

Manba
islom.uz

Izoh qoldirish

Izohlar