20.02.2024

KUFR VA SHIRKNING YANGICHA KO‘RINISHLARI

Har bir Allohning kitobiga va Uning rasulining sunnatiga hamda muqaddas dinimizning haqqoniy aqiydalariga da’vat qiluvchi imom-xatiblar zimmasidagi vazifa, bugungi kunda Islom ummati ichida tarqalgan shirkning yangicha ko‘rinishlarini bayon qilib berishdir. Bu, zimmasidagi burchini ado qilish va odamlarni adashuv va shirkdan ogohlantirish bo‘ladi. Shunga binoan, bugungi kunda Islom ummati orasida tarqalgan shirkning yangicha ko‘rinishlaridan ba’zilarini eslatib o‘tamiz. 

Ba’zi bir kishilar, avliyo va ahli solihlarning ruhlari ularning vafotidan keyin ham tasarruf qilishga qodir, deb e’tiqod qiladilar. Bu noto‘g‘ri tushuncha odamlar ichida shunchalik keng tarqalib, zehnlarida mustahkam o‘rnashib qolganki, hattoki ziyoratgoh va qabrlar xavfdagilar uchun panohgoh, bemorlar uchun shifoxonaga aylanib qolgan. Kimiga g‘am yoki zulm yetsa yoki biror musibat yetsa, o‘sha mozor va qabrlarga borib pardasiga osilib, ostonasini o‘padilar, o‘sha qabr egalaridan g‘amini ketkazib, hojatini ravo qilishini so‘raydilar. Bu ham Allohning mulkida va tasarrufida hamda yordam so‘rashda shirk keltirishdir. Ba’zi ulamolar buni Robbilikka shirk keltirishdan hisoblaganlar. Chunki, bemorlikni va musiybatni ketkazish, sog‘lik, xursandlik va baraka berish Robbil olamiynga xos ishdir. 

Ba’zi odamlar jinlardan xadiksiraydilar, qo‘rqadilar va ulardan yordam so‘raydilar. Bu esa, Alloh taoloning tadbiriga ochiqcha shirk keltirishdir. Chunki, bunga sabab bo‘lgan narsa, Allohning tadbiri va ixtiyoridan tashqari jinlar ham tasarruf qilishga qodirdir, deb e’tiqod qilishdir. Aslida esa, osmondan yergacha barcha ishning tadbirini Allohning yolg‘iz O‘zi qiladir.

Shirkning oqibati naqadar og‘irligini anglab yetish uchun ushbu oyatlarni eslashning o‘zi kifoya: «Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirganni mag‘firat qilmaydi. Undan boshqani kimni xohlasa mag‘firat qiladi». (Niso surasi, 48). «Albatta, kim Allohga shirk keltirsa, batahqiq, Alloh unga jannatni harom qildi. Uning joyi do‘zaxdir. Zolimlarga yordam beruvchilar yo‘qdir». (Moida surasi, 72). Alloh solih banda Luqmon tilidan: «Ey o‘g‘ilcham, Allohga shirk keltirmagin. Albatta, shirk katta zulmdir», degan. (Luqmon surasi, 13). 

Shunga binoan, shirk hech kimdan kechirilmas gunohdir. E’tiqodlarimiz sof va shirkdan, kufrdan holi bo‘lishini Allohning O‘zi nasib qilsin!

M.YUNUSXO‘JAYEV
Imom Faxriddin ar-Roziy 
islom bilim yurti mudarrisi

Izoh qoldirish

Izohlar