19.02.2024

KIYINISH ODOBLARI

Insonning kiygan kiyimi uning ichki olamiga yani ma’naviyati va xulq atvoriga ham tasir qiladi.Misol uchun askarning kiyimini kiygan kishi huddi askarlardek qadam tashlashi va o‘zini tutishidagi o‘zgarishlarni keltirishimiz mumkin. Islomning insonni mukarram qilish bo‘yicha ko‘rgan choralari ichida libos masalasi ham bor. Bu masalada insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi o‘zi uchun obro‘ va martabaligi, go‘zallik va ziynatligi, jamiyatning boshqa a’zolarini esa hurmatlash ekani tushuntirildi.

Alloh taolo “A’rof” surasida marhamat qiladi:

«Ey Odam bolalari! Batahqiq, sizlarga avratingizni to‘sadigan libos va ziynat libosini tushirdik. Taqvo libosi ana o‘sha yaxshidir. Ana o‘shalar Allohning oyat(belgi)laridandir. Shoyadki, eslatma olsalar» (26-oyat).

Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri ham libosdir. Odamning avrati aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruriyati kishi avratini o‘zgalardan pinhon tutishidadir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a’zolarini ham to‘sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Shu bois libosni o‘z o‘rnida, ya’ni shariatga muvofiq kiygan insongina ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos, asl libos taqvo libosidir. Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini to‘ssin, o‘zini tuzatsin, deb bergan. Ammo boshqa sohalarda haddida turmagan odam bu o‘rinda ham turli buzuqliklarga yo‘l qo‘ydi. Ba’zilari kiyim-boshni faxr va g‘urur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan o‘lchay boshlashdi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan ko‘zlangan asosiy maqsadni suiiste’mol qilishga kirishdi. Xususan, tarbiyasiz ayollar libosni ayni avratni bo‘rttirib ko‘rsatish uchungina kiydilar. Bu hol yuksak insoniy sharafni yerga uradi. Shuning uchun ham Islom bu ishlarda o‘z ta’limotlarini joriy qildi. Shayx Sha’biy aytadi: «Ahmoqlar ustingdan kulmaydigan va faqihlar (shariat bilimdonlari) ayblamaydigan kiyimni kiy». Muhammad ibn Siriyn: «Shuhrat oldin kiyimni uzun kiyishda edi, so‘ng uni yangilashga o‘tdi», degan. Umar ibn Xattob: «Kiyimning dag‘al va eskirganini kiyinglar», deganlar. Bu zot masjid minbarida xutba o‘qiyotganlarida, ustilarida yettita yamoq solingan ko‘ylak bor edi.

Odobimizda ayniqsa ayollarning kiyinishiga katta e’tibor bilan qaralgan. Ularning yuzi, ikki qo‘l kaftidan boshqa hamma joyi uyatli (avrat) bo‘lgani uchun, u begona nazarlardan yashirilishi va kiyinish ham shunga munosib bo‘lishi lozim. Hozirgi paytda ayrim qiz-juvonlar o‘rtasida urf bo‘lganiday, yengi va etagi kalta, ko‘ksi ochiq kiyimlar, gavda va a’zolarini «ko‘z-ko‘z» qilib turuvchi tor va yupqa-harir ko‘ylaklar, eng achinarlisi, ko‘krak, kindik va boldirlarini ochib, hammaga namoyish qilib yurishlar odobimizga mutlaqo ziddir.

Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi:

«Erlaridan, yo otalaridan, yo erlarining otalaridan, yo o‘g‘illaridan, yo erlarining o‘g‘illaridan, yo aka-ukalaridan, yo aka-ukalarining o‘g‘illaridan, yo opa-singillarining o‘g‘illaridan, yo ayollaridan, yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan, yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilardan, yo ayollar avratining farqiga bormaydigan yosh bolalardan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatmasinlar» (31-oyat).

Ma’lumki, muslima ayollarga badanlarini nomahram erkaklardan to‘sib yurish Alloh tomonidan buyurilgandir. Mo‘mina-muslima ayollar o‘z sharaflarini saqlashlari uchun, Allohning amriga itoat etib, avratlarini nomahram erkaklardan berkitib yurishlari shart. Shuningdek, muslimalarning kiyimlari yupqa, badanlariga yopishib turadigan, tor bo‘lmasligi, nomahram erkaklarning e’tiborini jalb qilmaydigan darajada bo‘lishi kerak. Ayol kishiga erkaklarga harom qilingan tilla, kumush va shoyi ipaklar haloldir. Islomda ayol kishiga zebu ziynat halol qilingan.

Chunki chiroyli bo‘lishga urinish har bir ayolning tabiatida bor. Alloh ularni shunday qilib yaratgan. Zamon o‘tishi bilan ziynat o‘zgarishi mumkin, ammo ayol kishining ziynatga bo‘lgan rag‘bati o‘zgarmaydi. Lekin Islomda ushbu zebu ziynatning ta’sir doirasi tartibga solingan. Ayollarning zeb-ziynatlari nomahram begona erkaklarning ko‘zini o‘ynatishga, shahvoniy hislarini qo‘zg‘ashga, fitna chiqishiga va zinoga yo‘l ochilishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Ayollar erkaklar kiyimini kiyishi va ularga o‘xshashga harakat qilishi mumkin emas. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar yurtimiz faqeh olimlari kitoblaridan olingan bo‘lib,ular o‘z navbatida bu ma’lumotlarni shari’at ahkomlari hisoblangan kitoblardan olganlar.Bu keltirilgan ma’lumotlar asosida hulosa qiliadigan bo‘lsak,musulmon inson dini buyurgan ahkomlar bo‘yicha kiyinishi lozim ekan.Mo‘min kishi hoh jamiyatda bo‘lsin hoh yolg‘iz o‘zi,kiyinish odoblariga rioya qilishi talab etiladi.Chunki Islomda kiyinish faqat odamlar uchun emas balki Alloh ta’oloning roziligi uchun va u zotdan hayo qilgani uchun ham kiyinish odoblariga rioya qilishi darkordir. Hullas kiyinish odoblariga rioya qilish insonning tashqi ko‘rinishi bilan birga ma’naviyatini ham go‘zallashtiradigan vositadir.

Bizning diyorlarda azal azaldan kinish odoblariga qattiq rioya qilib kelingan.Ota- bobolarimiz va buvi va momolarimiz hayo va iffat bobida yetuk hislatlarga ega insonlar bo‘lishgan.Endi bugungi kun avlodi biz ham dinimizga va qolaversa ota-bobolarimiz va buvi va momolarimizga ergashgan holda o‘z ma’naviyatimiz va madanyatimizni saqlab qolishimiz lozim.

S.Qadamov
Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti mudir muovini

Izoh qoldirish

Izohlar