26.02.2024

MUSULMON KISHINI KUFRDA AYBLASH MUMKINMI?!

Islom olamining dushmanlari nechchi asrlardan beri musulmonlar o‘rtasini bir nechta da’volar bilan buzib, tafriqaga solib kelishmoqda.
Shulardan:
– har qanday yangilikni inkor etish,
– tasavvufni aslo tan olmaslik,
– tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash,
– o‘zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e’lon qiladilar.
Ularning fitnalari natijasida “Payg‘ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo‘q”, degan g‘oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.
Bu toifalar islom davlatini quramiz degan g‘oyani bayroq qilib, bu yo‘lda tinch musulmonlarni o‘ldirishdi va o‘ldirishmoqda.
Agarda biron sog‘lom aql egasi so‘rasaki! Nimaga bu musulmonlarni o‘ldiryabsan desa, bular kofirlar deyishadi.
Xavorijlarning izdoshlari bo‘lgan “salafiy” va “hizbiy”larni bunday da’volarini oyat va hadislardan qaraydigan bo‘lsak asossiz ekanini tushunib yetamiz.
Mo‘min kishini kufrda ayblash mumkinmi?!
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo‘lmasa, aytgan so‘zlari o‘ziga qaytadi”.
Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to‘g‘risida quyidagilarni aytadilar:
“Katta gunohlar mo‘min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O‘ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo‘lmasa, katta gunohni afv qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg‘ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to‘g‘risidagi shafoatlari ko‘plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo‘minlar do‘zaxda abadiy qoldirilmaydi”.
Kishi imon kalimasini aytib musulmon bo‘l­ganidan so‘ng shirk, kufr amalini qilmasa, halol­ni harom yoki haromni halol demasa, shu bilan birga, Alloh taolo buyur­gan ishlarni bajarib, qay­ta­riqlaridan qayt­sa, najot topadi. Imomi A’zam rahmatullohi alayh: «Ban­da, shubhasiz, ishongach, unga: “Alloh taologa, Uning farishta­lariga, kitoblariga, pay­g‘ambarlariga, vafot etgandan so‘ng qayta tirilishga, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohning taqdiri bilan bo‘lishiga imon keltirdim, hisob, mezon, jannat va do‘zax – hammasi haqdir”, deyishi vojib bo‘ladi», deganlar (“Al-fiqhul akbar”).
Usoma ibn Zayd roziyal­lohu anhu aytadi: «Bizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Huroqa qabilasiga jo‘natdilar. Biz ularni yanchib tashladik. Men va ansorlardan bir kishi dushmanlardan biriga ro‘baro‘ kelib, uni qurshab oldik. U: “Laa ilaha illalloh”, dedi. Ansoriy uni tutib oldi. Men uni nayzam bilan o‘l­dirdim. Ortga qaytib kel­ganimizda, bo‘lib o‘t­­gan voqea Rasululloh sol­lallohu alayhi va sallam­ning qu­loqlariga yetib bordi. U zot yana: «Ey Usoma, “Laa ila­ha illalloh”, degandan ke­yin ham uni o‘ldirdingmi?» dedi­lar. Usoma: “U o‘zini himoya qi­lish uchun shunday dedi”, dedi. U zot: “Laa ilaha il­lalloh”, degandan ke­­yin ham uni o‘ldirdingmi?” dedilar. Men Rasululloh bu gapni takrorlayverganidan, koshki shu kungacha musulmon bo‘lmasam edi, deb orzu qildim».
Imonimiz taqozosiga ko‘ra, insonni zohiriga e’tibor qaratamiz. Uning qalbini tekshirib ko‘rishga imkonimiz yo‘q va bunga mas’ul ham emasmiz. Demak, bir kishi imon kalimasini aytsa, biz, albatta, uning jonini, obro‘sini, molini, dinini, naslini daxlsiz, deb bilamiz. Ya’ni, uning obro‘sini to‘kishga, moliga tajovuz qilishga haqimiz yo‘q. U tilida imon kalimasini aytdimi, demak, u musulmondir.
Yuqoridagi dalillardan kelib chiqadiki bularni qilayotgan da'volari va ishlari biron hadis va sunnatga to‘g‘ri keladi, bu toifalar misola Qur'on va hadisni ko‘tarib hammani unga chorlab o‘zlari amal qilmaydigan va uni tushunmaydigan yolg‘onchidirlar.
Alloh taolo bunday soxta din peshvolarining fitnalaridan barchamizni omonda saqlab o‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin!

Mustafo Yunusxo‘jayev
Imom Faxriddin ar-Roziy
islom bilim yurti mudarrisi

Izoh qoldirish

Izohlar