15.03.2024

RO‘ZA TUTISHNING INSON ORGANIZMIGA MUHIM FOYDASI

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin.Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Islom dinida buyurilgan ro‘zaning ham ma’naviy, ham jismoniy salomatlik uchun cheksiz foydalari mavjud. Alloh taolo Ramazon ro‘zasi haqida bunday marhamat qilgan:
«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu – furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizlardan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin» (Baqara surasi, 185-oyat).
Ro‘zaning hikmatlari, insonning dunyoyu-oxirati uchun manfaatlari ko‘p. Hatto boshqa din vakillari ham uning insonga foydalarini o‘rganib, e’tirof etmoqdalar va o’zlarida tatbiq qilmoqdalar.Hozirda ilmiy ravishda ro’za tutish aynan sog’lik uchun nihoyatda foydali ekani haqida hamma bir ovozdan gapirmoqda. Mutaxasislar ixtiyoriy och qolish ko’p va xo’p targ’ib qilmoqdalar.

Ro’za o’sha och qolishning eng yaxshi va eng samarali na’munasidir 

Ro’za nafaqat kasalliklarning oldini olish uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o’ta zarurligi qattiq ta’kidlanmoqda. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko’plarini musulmon bo’lmagan yurtlardagi tabiblar ochlik - ro’za tutdirish yo’li bilan davolamoqdalar.

Yaqinda rus olimlari ro’za tutish yo’li bilan davolangan bemorlar ro’yxatini e’lon qildilar. Natijalar kishini hayratda qoldiradigan darajada muvaffaqiyatli edi. Bu yo’l bilan hatto saraton xastaligiga mubtalo bo’lganlar ham shifo topganlar.

Ro’za turli kasalliklarga shifo bo’lishi bilan birga, kishi badanidagi to’planib qolgan turli keraksiz moddalar, yog’lar, tuzlar va boshqa narsalani ham ketkazadi.

Bu moddalar asosan, iste’mol qilinadigan ozuqalar orqali paydo bo‘ladi. Ayniqsa, hozirgi paytda tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli barchasida oz miqdorda bo‘lsa-da «zahar»lar mavjud. Ular o‘simliklarni o‘stirish uchun sepiladigan dorilar, mahsulotlarni tayyorlash jarayonida qo‘shiladiga ranglar xushbo‘ylantiruvchi yoki saqlash uchun qo‘shiladigan kimyoviy moddalar orqali paydo bo‘ladi. Qo‘shimcha, havo orqali avtomobillar, zavod va fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutunlar yutiladi. Kasalliklardan davolanishda kimyoviy moddalardan tayyorlangan dori-darmonlar qo‘llanadi. Bu moddalar qonga singib, hujayralarning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Zaharlar va barcha zararli moddalardan tanani tozalashda muhim vazifani bajaruvchi a’zo – jigar hisoblanadi. Organizmda zararli moddalar paydo bo‘lganda jigar faoliyati buziladi. Uni yana asl holatiga qaytarishda esa ro‘zaning o‘rni beqiyos. 

Shifokorlar ro‘zaning salomatlikni mustahkamlash bobidagi foydalarini ko‘p gapirishgan: “Ro‘za oshqozon va ichaklarni ortiqcha chirindilardan tozalaydi, u tufayli hazm qilish tizimi ma’lum muddat orom oladi. Ba’zi xastaliklarning davosi faqat parhez bo‘ladi. Ro‘za esa parhezning bir turi, hatto undan ustun. Ichak va yo‘g‘on ichaklarida surunkali yallig‘lanishi bor bemorlar hamda jigari xastalar iftor vaqti ko‘p taom tanovul qilishmasa, ro‘zaning foydasini sezishadi. Ba’zida qichima kasali borlar ro‘za sharofatidan tuzalib ketadilar. Chunki ro‘zada taomlanish bir tartibga tushganidan qichishish sabablari yo‘qoladi”.
Ro‘zaning asab tizimiga foydasi kata. Doktor Muhammad Abu Shavq “Ro‘za va asab tizimi” nomli risolasida shunday yozadi: 

Ro‘za nafs va ruhni poklaydi, qiyinchiliklarga chidash hamda kambag‘al va muhtojlarga mehr ko‘rsatishni o‘rgatadi, shahvatlarga berilishdan qaytaradi, nafsni muomalada rostgo‘ylik, omonatdorlik, g‘azab qilmaslik, o‘ch olmaslik kabi xulqlarga erishtiradi.
Bularning barchasi insonga tinchlik, muhabbat va poklik ruhini beradi. O‘z navbatida, bu asab tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Organizm asab tizimiga qarab sokin bo‘ladi yoki qo‘zg‘aladi. Asab tizimi tinch emas ekan, qolgan a’zolar ham bir maromda faoliyat ko‘rsatmaydi. Bu hikmatni qarang, ro‘zadorni inson suratidagi farishta qilib qo‘yadi. Bu bilan uning o‘zi saodatmandlikka erishadi va o‘zgalarni ham baxtli qiladi”.
Gapida davom etib, u yana bunday deydi: “Ey asabiy taranglik va charchoqlik, uyqusizlik, tushkunlik hamda shu kabi kasalliklardan qutulish maqsadida shifokorlarga qatnab yuruvchilar, agar ro‘za va uning sizlarga bergan yaxshiliklarini mahkam tutganingizda, uzluksiz davolanishga ehtiyoj sezmasdingiz”.
Inson tanasidagi ortiqcha vazn sababidan ham kasallik seza boshlaydi. Ro‘za tanadagi yog‘larni yo‘qotadi va bu bilan inson qisqa vaqt ichida ortiqcha vazndan qutuladi.
Ro‘za qon bosimi ko‘tarilganda, o‘tkir buyrak shamollashida, peshob yo‘lida to‘plangan toshlarni eritishda, jigar kasalliklarida, o‘t qopining shamollashi va toshlarini tushirishda, semizlik va siqilishga olib keluvchi surunkali yurak kasalligida, oqsil va kraxmal moddalarining ko‘pchish holatiga sabab bo‘luvchi oshqozon bezovtaligida foyda beradi. U yana g‘ayrat bag‘ishlaydi va keksalik tomon bo‘lgan qadamni sekinlashtiradi. 

Shu o’rinda Roʻzadorlarga ayrim tavsiyalar:
-kunduzi havo harorati yuqori boʻlgan paytda salqin va soya joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi;
- iftorlik va saharlik oraligʻida koʻp miqdorda suv ichish maqsadga muvofiq, chunki kunduzi havo harorati yuqori boʻlishi koʻp ter ajralishiga sabab boʻladi.
Shu bois kun davomida yoʻqotilgan suyuqlik oʻrnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu meʼyorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin desert sifatida hoʻl mevalardan yeyish foydali.
“Achiq-chuchuk” salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv neʼmatlar hisoblanadi.
Shoʻrva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham isteʼmol qilish mumkin.
Tarkibida kofein mavjud boʻlgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan maʼqul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishi (degidratsiya)ga olib keladi.
Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy boʻlishini esdan chiqarmaslik zarur.

Imom Faxriddin ar-Roziy islom bilim yurti
2-kurs talabasi Yusupov Boburjon 

Izoh qoldirish

Izohlar