19.03.2024

Ro'za va ramazon

Ro‘za va Ramazon
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh Ta’ologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqarah surasi 183-oyat).
Alloh ta’alo bizlarga ro‘za tutmoqlikni farz qilgan ekan barcha muslim va muslimalarga ro‘zaga doir bo‘lgan ilmlarni o‘rganish lozim hisoblanadi. Ro‘zaga doir ilmlardan bazilarini bayon qilamiz.
Ro‘zanig ta’rifi

Ro‘za – lug‘at jihatdan “biror narsadan tiyilib turish”ni bildiradi. Shar’iy istilohda esa: “Sahardan toki quyosh botgunicha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yemoq, ichmoq va jimo‘ (er-xotinlik muomalasi)dan ro‘zani niyat qilgan holda tiyilib turishdir.
Ro‘za shariatda olti xil navlanadi:

1. Farz (Ramazon ro‘zasi);

2. Vojib (Kafforat va nazr ro‘zalari);

3. Sunnat (Arafa kunining ro‘zasi, Shavvol oyining 6 kunlik ro‘zasi, dushanba va payshanba kuni ro‘zalari va bulardan boshqalar);

4. Nafl ro‘za – yuqorida zikr qilinganlar va makruh vaqtlardan boshqa kunlari tutiladigan ro‘zadir;
5. Makruh ro‘za (Juma kunini yoki shanba kunini xoslab ro‘za tutish);

6. Xarom ro‘za (Ikki Hayit va Tashriq kunlari ro‘zasi).

Biz bu zirkr qilingan ro‘zalardan farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasiga doir masalarni qisqacha bayon qilsak!
Ramazon ro‘zasi hukmi

Ramazon ro‘zasi farzi 'ayndir va Islom arkonlaridan biri bo‘lib kim uni farzligini inkor qilsa kofir bo‘lib, dindan chiqib qoladi.
Ramazon ro‘zasining shartlari

a) Har bir oqil va bolig‘ kishiga farzdir;

b) Kofir, majnun va bolig‘ bo‘lmaganlarga farz emas;

c) Musofir va bemor kishilar Ramazonda fidya berib, boshqa oyda qazosini tutib beradi;
Durust bo‘lish shartlari

1. Niyat (Ramazon ro‘zasi niyati vaqti shom hufton namozidan keyingi kun peshinigacha hisoblanadi);
2. Ayollarning hayz va nifosdan pok bo‘lmog‘i;

3. Sahardan shom paytigacha yemoq, ichmoq va jimo‘ kabi ro‘zani buzuvchi amallardan saqlanish.
Hikmat va fazilatlari

Ramazon fazilatlarini bayon qilishda Imom Muslim Sahihlaridagi quyidagi hadisni keltirib o‘tamiz.


“Sahl ibn Sa’d So‘idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Jannatning bir eshigi bor. U Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘zadorlar kiradi, boshqa hech kim kirmaydi. “Ro‘zadorlar qayerda?” deyiladi. Ro‘zadorlar turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hechkim kirmaydi. Ular kirgach, eshik berkitiladi, (so‘ng u eshikdan) boshqa hech kim kirmaydi”. Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Bu hadisdan Qiyomat kuni ro‘zadorlar qanchalik ikrom qilinishlari ko‘rinib turibdi. Yana Alloh Subhanahu va Ta’aloga yaqinlashish, ruhimizning poklanishi, shahvatimizning tiyilishi, hojatmand faqirlarning holatini his qilishimiz – Ramazon oyi fazilat va hikmatlaridan hisoblanadi.

Abduqayumov Akmaljon Imom Fahriddin ar-Roziy Madrasasi 3-kurs 121 “A” guruh tolibi

Izoh qoldirish

Izohlar