24.03.2024

RAMAZONDAGI IBODATNING TAʼSIRI YIL BOʻYI TURADI

Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahanoviy quddisa sirruha aytadilar:

“Tajribadan maʼlumki, Ramazondagi ibodatning taʼsiri oʻzidan keyin oʻn bir oy turadi. Kim Ramazon oyida biror yaxshi amalni mashaqqat ila qilsa, Ramazondan keyin oʻsha ishni osonlik ila qila oladi. Kim Ramazon oyida biror gunohdan saqlansa, Ramazondan keyin oʻsha gunohdan osonlik ila saqlana oladi. Ramazon oyida gunohdan saqlanish qiyin emas. Chunki, shaytonlar kishanlangan boʻladi. Shaytonlar kishanlangach esa, sizning gunohlardan saqlanishingiz ham oson boʻladi. Ammo, bu degani, gunohlar butkul yoʻq boʻladi, degani emas. Chunki, gunohga yana bitta chorlovchi, yaʼni nafs turibdi. Ramazon oyida ham u gunoh qilishni istayveradi. Biroq taʼsiri kam boʻladi. Chunki, gunohga chorlovchi narigi sherigi yoʻq u kishanda. Ramazon oyining oʻttiz kunlik mashaqqatiga chidash u qadar ogʻir emas. Maqsad bu oyda har bir aʼzoni gunohdan saqlashdir”.

Ramazonni yaxshilik bilan o`tkazishga sharafli islomimizda juda ko`plab naqllar keltirilgan.Bir hadisi sharifda nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

من سلم له رمضان سلمت له السنة

“Kimning Ramazoni durust boʻlsa, uning butun yili durust boʻladi”

Yaʼni kimning Ramazoni yaxshilikda oʻtsa, uning butun yili yaxshilikda oʻtadi. Shuning uchun muborak Ramazonning har bir kuni yaxshilikda oʻtishiga harakat qiling. Biror gunoh sodir boʻlmasin. Na koʻz bilan, na quloq bilan, na til va na qoʻl-oyoq bilan biror gunoh sodir boʻlsin. Jahd qilingki, bu aʼzolar barchasi Alloh taolo tarafga toʻla qaytsin. Agar shu tarzda Ramazon yaxshilik ila oʻtsa, u holda, inshaalloh, qolgan yil boʻyi vaʼda qilingan omonlik va yaxshilik yetib turadi.

ROʻZA - TAQVONING ZINAPOYASI

Baʼzi ulamoi kiromlar: “Roʻza hayvoniy quvvatni parchalash orqali insonda taqvo paydo qiladi”, deydilar. Darhaqiqat, ochlik sababidan odamning hayvoniy xohish va talablari parchalanib ketadi. Natijada, gunohlarga qadam tashlash hissi sustlashadi. Lekin Hakimul ummat, Hazrat Mavlono Ashraf Ali Tahanoviy quddisa sirruh aytadilarki, faqat hayvoniy quvvatni parchalashning oʻzigina taqvo hosil qilmaydi, balki odam toʻgʻri tarzda roʻza tutsa, shu roʻzaning oʻzi taqvoning ulkan bir zinapoyasi boʻladi. Taqvoning maʼnosi nima? Taqvoning maʼnosi Alloh taoloning ulugʻligini istihzor qalbda hozir qilish ila gunohlardan saqlanishdir. Yaʼni, men Alloh taoloning bandasiman, U meni koʻrib turibdi, U zotning huzurida hozir boʻlib javob berishim bor, deb oʻylab, buni tasavvur qilgandan keyin inson gunohlarni tark qilsa, ayni mana shuning nomi taqvodir.

MAQSAD - TAQVO HOSIL QILISH

Roʻza taqvo hosil qilish uchun eng yaxshi mashq va eng yaxshi tarbiyadir. Inson qanchalik gunohkor, xatokor, fosiq va fojir esa-da, roʻza tutadigan boʻlsa, holati oʻzgaradi. Issiq kunda, qorni och, xonada yolgʻiz oʻzi, eshigi yopiq, muzlatgichda muzdek suv bor, insonning nafsi shu muzdek suvdan qonib-qonib ichgisi keladi, lekin u hargiz ichmaydi. Vaholanki, ichsa, hech kim koʻrmaydi. Koʻrmagandan keyin uni birov malomat ham qilmaydi. Odamlar oldida roʻzadorga oʻxshab turaveradi. Shom kirgach, odamlar bilan bemalol iftorlik ham qilsa boʻladi. Lekin shunday boʻlishiga qaramasdan, u suv ichmaydi. Nima uchun ichmaydi? Suv ichmasligiga sabab faqat bir narsadir. Garchi uni hech kim koʻrmayotgan boʻlsa ham, Rabbi koʻrib turganini oʻylaydi. Aynan ana shu ish taqvodir. Roʻza bizdan mana shu taqvoni talab qiladi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

  يا أَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ كُتِبَ عَلَيْكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُون

Yaʼni: “Ey iymon keltirganlar! Oʻtgan ummatlarga

farz qilingani kabi, sizlarga ham roʻza farz

qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara, 183). 

Roʻza nega farz qilindi, degan savolning javobi shu: sizda taqvo paydo boʻlishi uchun! Shu sababli muhtaram azizlar muborak Ramazon -Qur`on oyi ,

 qut baraka va baxt saodat , do`zaxdan omonlik ,mag`firat , rahmat eshiklari ochiladigan oy bu oyni har daqiqasini har soniyasini g`animat bilaylik!

Imom Faxriddin ar-Roziy o`rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi 

Samandar Mehmonov

Izoh qoldirish

Izohlar