21.03.2024

SAKINA VA TAQVO MAVSUMIGA MARHABO!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh Ta’ologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.

Payg’ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin.

Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga Islomning besh ustuni (rukn) haqida ta’lim berdilar: Birinchi ustun shahodat bo’lib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga yagona Alloh borligini va insoniyat paydo bo’lganidan beri Alloh bilan insoniyat o’rtasida payg’ambarlar vositasida aloqa borligini ta’lim berdilar. Ikkinchi ustun esa Namoz, uchinchi ustun zakot, to’rtinchi ustun Ramazon ro’zasi hamda beshinchisi Hajdir.

Ramazon oyida ro’za tutish – avvalgi barcha shariatlarda mavjud bo’lgan narsadir. Ya’ni, ro’za tutish aslida barcha oldingi diniy an’analarning davomidir.

 

Qur’onda Alloh subhanahu va taolo marhamat qiladi:

 

يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ كُتِبَ عَلَيْكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

 

“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro’za farz qilindi. Shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara, 183).

Bu oyat oldingi diniy hukmlar (shariatlar) – yahudiylar va nasroniylar yoki boshqa payg’ambarlar shariatlariga ishora qilmoqda. Demak ro’za tutish qadimgi ibodat turi ekan.

Shuningdek, bu oyatda ro’za tutish bilan birga taqvo qilish haqida so’z bormoqda. Demak, ro’zani bilish – taqvoni oʻrganishimiz uchun ekan. Bu ham Qurʼondagi ilk amrning yana bir tasdigʻidir.

Alloh subhanahu va taolo aytadi:

 

يَا أَيُّهَا النَّاسُ اعْبُدُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ وَالَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

 

“Ey odamlar, sizlarni va sizdan oldingilarni yaratgan Robbingizga ibodat qiling. Shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara, 21).

 

Demak, taqvoni bilishimiz va o’rganishimiz zarur ekan. Xo’sh, taqvo o’zi nima? “Taqvo” so’zi “viqoya” kalimasidan kelib chiqqan bo’lib, “oldini olish” yoki “himoya qilish” ma’nolarini bildiradi. Qizig’i shundaki, Payg’ambar sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilarki, “Ro’za qalqondir”.[1]

“Taqvo”, ya’ni, qalqon tutish yoki o’zini himoya qilish tushunchasi nafaqat Alloh subhana va taologa ibodat qilish g’oyasida, balki biz Allohga ibodat qilishning tafsilotlarida ham mavjuddir. 

Demak, o’zingizni himoya qilish uchun [o’zingizni muhofaza qilish uchun] quroldan foydalanasizmi?! Ha. … Bizda (ya’ni, islomda) muhofaza vositalarimiz bor: ibodatlardir! Tahorat – himoya, namoz – himoya, zakot –himoya, ro’za –himoya hamda haj qilish ham o’zingizni himoya qilish usulidir.

Har bir amallarimizni, ishlarimiz va hokazolarni esa Alloh bizga bergan ne’mat (aql va kuch) orqali qila olamiz, biroq biz insonlar o’zimizga zarar beradigan amallar ham qilamiz. Ibodatlar esa ana shunday o’zimiz boshqalarga yoki boshqalar bizga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan narsalar orasidagi himoya to’sig’i bo’lib xizmat qiladi. Zarar haqida gapirganda, shubhasizki, biz uchun eng katta zarar bu g’aflatga tushishdir, bu esa o’zimizga yetkazadigan eng yomon zarardir.

Shunday qilib, ro’zaga qaytadigan bo’lsak, Ramazon ro’zasi – bu bizning kimligimizni eslatish uchun haqiqiy tabiatimizga (ya’ni fitatimizga) qaytishning bir vositasidir va bu yo’ldagi qalqondir. Darhaqiqat, Payg’ambar alayhissalom aytganlaridek, “ro’za qalqondir”.[2] (Bu yo’lda) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, “tahorat [ham] mo’minning qalqonidir”. Chunki, hadislarda kelganidek, ro’zador kishi nomaqbul narsalar haqida gapirmaydi. Chunki “Ro’za do’zaxdan qalqondir. Kim ro’za kunini boshlasa, o’sha kuni g’ofillik qilmasin. Kimki unga nodonlik bilan muomala qilsa, uni so’kmasin yoki la’natlamasin, aksincha aytsin: “Men ro’zadorman.” Muhammadning joni qo’lida bo’lgan zotga qasamki, ro’zadorning og’zidan chiqadigan hid Alloh huzurida mushk hididan afzaldir”.[3]

Shu o’rinda, men biroz tafsilotga kirishmoqchiman. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmoqdalarki: “Kimki unga nodonlik bilan muomala qilsa”, ya’ni, agar biror kishi sizga qo’pollik yo qarshilik qilsa, yoki siz bilan bahslashsa, yoki sizga hujum qilsa yoki sizni la’natlasa, “Men ro’zadorman”, deb ayting. Boshqa bir hadisda keladiki, 

“Sizlardan biringiz ertalab ro’zador holda tursa, behayo so’zlarni gapirmasin va nodonlik ishini qilmasin. Kimki uni tuhmat qilsa yoki u bilan janjallashsa: “Men ro’zadorman, men ro’zadorman”, desin.”[4] Chunki, bu – kishi o’zining ro’zador ekanligini o’ziga va o’zgalarga eslatishlari uchun [vosita]dir. Boshqa so’z bilan aytganda, “men Robbim huzurida tartib-intizomdaman, ya’ni, men shunday tartib-intizom holatidamanki, bu eski [ya’ni johiliy] xulq-atvorga tushib qolishmasligim uchun – kimdir mening ahvolimni buzishiga yo’l qo’ymayman.”

Ha, mazkur hadisdan bilib olamizki, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizni agar sizni kimdir nizolashish uchun chorlasa, “men ro’zadorman” deb aytishga o’rgatmoqdalar. Boshqacha aytganda, men aqlim o’zimda [ya’ni, oqil] holatidamanki, men bu ta’sirlantiruvchi [his-hayajonga tushiruvchi] xatti-harakatlarning o’yinida qatnashmoqchi emasman. Chunki ro’za, pirovardida, ongning yuksak darajasiga ko’tarilishga ham ishora qiladi. Mana, Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni qay manzilga chorlaydilar! Nabiy sollallohu alayhi vasallam biz ummatlarni yuqori darajadagi “xabardorlik” [bolig’ va oqillik]ka chaqiradilar! Chunki biz dunyoda ko’zimiz ko’rgan narsalarning aksariyati – [shaxsiy yoki boshqa turdagi] muammolar va qayg’ulardir. Agar siz ularga qarasangiz va tahlil qilsangiz, “uxlab yotgan” [g’aflatdagi] odamlarni ko’rasiz. Uylardagi oilaviy nizolar bormi, maishiy mojarolar bormi, hamma xatti-harakatlarning namunasini bunda ko’rishimiz mumkin. Bu tom ma’noda “odatiy” xulq-atvorga ega bo’lgan odamlar va ular bu odatlarga “barvaqt” tushib qolishadi va keyin bu odatlar ba’zan butun umr davomida takrorlanaveradi. Yoki ba’zida odamlar boshqa [yaxshi] odatlarni qabul qila olmaydigan darajaga ham yetishi mumkin va hokazo. Ammo, dinimiz Islom esa uyg’onish [uyg’otish] dinidir!

Buni albatta sayyidimiz Imom Ali roziyallohu anhu aytganlaridek, “Odamlar uxlab yotibdi. Qachon o’lsalar uyg’onadilar”.[5]

         Imom Muslimning Sahihlarida kelgan hadisda aytilganidek, “o’zingizni allaqachon qabrlarda deb hisoblang”.[6] Boshqacha qilib aytganda, “[haqiqiy] o’lishdan avval o’lib ko’ring!” ya’ni, hoziroq uyg’oning! O’lim kelishini kutmang! Chunki, haqiqiy o’lib-tirilgach, “holimizga voy! Bizni bu uyqudan kim uyg’otdi?” deb qolishimiz mumkin. Bu “Rohmanning va’da qilgani”dir. Keyin [ana shunday g’ofillar] aytadilar: “payg’ambarlar rostgo’y ekanlar, nabiylar rostgo’y ekanlar...” demak, shu ahvol-kunga tushguncha kutmang!

Demak, haqiqatan ham uyg’onish yoki uyg’oq bo’lish - Ramazon bilan bog’liq ekan. Ramazon – uyg’onish, Ramazon – ibodatda qoyim bo’lish, Ramazon – tunda qoyim bo’lish, Ramazon – odatdagidan erta turishdir! Demak, ro’za tutish uyg’onishdir!

Insonlar [ko’p] taomlanishdan keyin qiladigan narsalardan biri [darhol] uyquga ketishdir. Darhaqiqat, Miqdam ibn Madikarib roziyallohu anhudan kelgan rivoyatga ko’ra, “Odam qornidan yomonroq idishni to’ldirmaydi”.[7]  Ramazon ro’zasi esa ovqatni kamaytirish va tanani dangasalikka tortuvchi moddani kamaytirish demakdir. 

Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ro’za do’zaxdan qalqondir. Kim ro’za kunini boshlasa, o’sha kuni g’ofillik qilmasin. Kimki unga johillik bilan muomala qilsa, uni so’kmasin yoki la’natlamasin, aksincha aytsin: “Men ro’zadorman.” Muhammadning joni qo’lida bo’lgan zotga qasamki, ro’zadorning og’zidan chiqadigan hid Alloh huzurida mushk hididan afzaldir”.[8]

Men mazkur hadisdagi “johil” kalimasiga to’xtalib ketmoqchiman. Musulmonlar odatda o’ylaydigan narsalardan biri bu islomdan oldingi davr, ya’ni johiliyat davridir. Lug’atga ko’ra, aslida “johil” kalimasi “bilish”ning aksini anglatadi. “‘Alim” kalimasi – “biluvchi”, “johil” esa ilmsiz kimsaga ishora qiladi. Ammo islomgacha bo’lgan arablar “johil” kalimasini boshqacha tushunishgan ekan, ya’ni, ularning nazdida “johil” kimsa – agar u haqorat qilinsa, nomutanosiblik yoki g’ayrat bilan javob beradigan kishi edi. Agar kimdir sizni yoki sizning qabilangizni haqorat qilsa, sizdan kutilgan narsa – o’sha odamni butunlay qo’rquv yoki xorlik holatiga solib qo’yadigan jaholat darajasini ko’rsatish bo’lardi.

Mashhur johiliyat shoiri Amr ibn Maktum aytadiki: “Hech kim bizga bu johilni – bu takabburlik yoki g’ayrat shiddatini ko’rsatmaydi, magar biz ularning “johil”idan oshib ketadigan “johil”ni ko’rsatamiz.” Biz haqiqatda ular uchun shunday “johil” bo’lib qolamizki, ularning jaholatlari yoki g’ayratlari oqibatlarini yo’qotadi, demoqchi. Demak, bu johillik juda qiziq tushuncha va shuning uchun Payg’ambar alayhissalom ro’za vaqtida bu johillik holatiga tushmasin, deya ummatga ta’lim berdilar.

Johiliyat davri – millatchilik va yomon axloqlar davri edi, Islom esa insondagi buzuq tuzumni yo’q qilish va insonlarga oqil-bolig’ holatga [qayta] kirishga yordam berish uchun keldi. Islom ta’limotini olgan kishi mutlaq uyg’oq odam sifatida hayot kechiradi!

Nafsning inson tabiatiga xos mayl va istaklarni yengish yoki baxillikka, g’azabga, takabburlikka, bema’nilikka rozi bo’lishga moyilligi kabi fazilat yoki insoniy fe’lning barchasiga – kishi ta’sirchan ahvolda bo’lganida osonlik bilan kirib boradi. Keyin kishi [g’aflatdan] uyg’onganida o’zini [masalan] hayvondan ham pastroq deb bila boshlaydi. Lekin odatda, hayvonlar faqat o’zlarining tabiiy fe’liga [fitratiga] muvofiq harakat qiladilar va muayyan qobiliyatdan tashqariga chiqolmaydilar. Inson esa o’zini o’zgartirish qobiliyatiga ega. Shunday ekan, ro’zaning mohiyatini anglash muhimdir, bu ro’zaning mohiyati esa Alloh taoloning bizga bergan ne’matlar shukrini qilish imkonidir. 

Ha, Islom dinimiz insonlar hayotini tuzatadigan ilohiy ne’matdir. Demak, yuqorida zikr qilingan “johil” haqidagi fikrlarni yakun yasashda shuni ham aytib o’tmoqchi edimki, islomdan oldingi arablarda johilning teskarisi “haliym” deb atashar edi, “haliym” kalimasi esa sabrli kishiga ishora qilardi. Haliym kishilar shoshqaloqlik ko’rsatmaydigan, ehtiroslarini ko’rsatmaydigan, nizoga tushganda jaholat ko’rsatmaydigan odamlar edi; ular kimdir tomonidan hujumga uchraganlarida takabburlik ko’rsatishmasdi. Payg’ambar alayhissalom aynan haliym zot edilar, haliymlikni ta’lim berdilarki, bu jaholatning ziddi edi.

Biroq, bugungi musulmon olamimizning xafa qiladigan tomoni shundaki, biz musulmonlarni [ayniqsa internet yoki media olamida] jaholat ahvolida yoki g’azablangan holda ko’rishimiz mumkin. Bu esa Payg’ambar alayhissalom va u zotga ergashganlarning haqiqiy axloq va fazilatlaridan tubdan farq qiladi [ya’ni, mos kelmaydi]. Shuning uchun ham Alloh Taolo Qur’onda sokinlik – “sakina”ni nozil qilganini aytadi. Alloh bu sakinani mo’minlarning qalblariga tushirganini aytadi: “va ularni [mo’minlarni] tinchlantirish uchun sakinani nozil qildi.” Alloh ulardan johiliy illatni – takabburlikni va yomon axloqni ketkazdi.

Alloh subhana va taolo marhamat qiladi:

إِذْ جَعَلَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ فِى قُلُوبِهِمُ ٱلْحَمِيَّةَ حَمِيَّةَ ٱلْجَـٰهِلِيَّةِ فَأَنزَلَ ٱللَّهُ سَكِينَتَهُۥ عَلَىٰ رَسُولِهِۦ وَعَلَى ٱلْمُؤْمِنِينَ وَأَلْزَمَهُمْ كَلِمَةَ ٱلتَّقْوَىٰ وَكَانُوٓا۟ أَحَقَّ بِهَا وَأَهْلَهَا

“Alloh O’z sokinligini Payg’ambariga va mo’minlarga tushirdi va ularga taqvo kalimasini lozim ko’rdi, ular ushbuga haqli va ahl edilar” (Fath, 26).

Mazkur Fath surasi Alloh subhana va taolodan bo’lgan “haqiqiy g’alaba” haqida so’zlashi hammamizga yaxshi ma’lum. Ushbu oyatdan Rabbimiz subhonahu va taoloning siz-u bizga bergan eng go’zal ne’mat bu sakina ekani ma’lum bo’lmoqda. Lekin ko’pincha biz mazkur Fath surasining murosa davrida nozil qilinganligini unutamiz. Aynan o’sha paytda musulmonlar o’z dushmanlari bilan urushni to’xtatdilar. Alloh johiliy arablar haqida gapirgan [boshqa] oyatlarda Alloh taolo ana shunday noshukrlik va kufr holatida bo’lganlarning qalblarida shu “hamiyyah” borligini ham aytadi.

Lug’atda “mamiyyah” kalimasi “o’jarlik”, “kibr” va “jaholat”dan kelib chiqadigan bir g’ayratli ishtiyoqqa ishora qiladi, va bu ayni johiliyatga ham ishora qiladi. “Hamiyatal-jahiliyyah” deb keladiki, Qur’onda aytilishicha, bu takabburlik g’ayratidir. Bu ehtiros ortidan kelgan g’ayratdir.

Demak, shu bois, “Alloh O’z sokinligini Payg’ambariga va mo’minlarga tushirdi va ularga taqvo kalimasini lozim ko’rdi, ular ushbuga haqli va ahl edilar”. Ularni taqvo kalimasiga undadi: ya’ni, “La Ilaha Ilalloh” - “Allohdan o’zga iloh yo’q”, deb bilish, hamma narsa Allohdan deb bilishga chaqirdi.  Alloh oyatda ta’kidlagan sakinaga ega bo’lish – osoyishtalik holatidir va bu yer yuzida “sokinlik ila yuradigan” musulmonlarga, “Rahmonning bandalari”ga tegishlidir.

“Yer yuzida sokinlik ila yuradigan” - mo’minlarning xislatlari shuki, qadr-qimmati qo’y-qo’zidek yumshoqlik emas, balki sherning qadr-qimmatidek sokin va haybatlidir. Arslonga qarang-da, unda ajoyib sakina bor; sherni hayajonga solish kerak emas, bezovtalanish kerak emas; sakrashi kerak bo’lsa, u o’zi sakraydi, lekin u [sher] qayerga bormasin, o’zi bilan olib yuradigan shu qadriyat [sakina va viqor]ga ega. Demak, mo’minning mohiyati va sherning viqori ham shundan iboratki, sher faqat o’zini himoya qilish yoki rizqi uchun hujum qilish kerak bo’lgandagina hujum qiladi, bu hech qachon “qirg’in” uchun bo’lmaydi. Sherlar hech qachon qotillik uchun zebra yoki qo’yning bolasini yoki shunga o’xshash narsalarni ovlashmaydi. Arslon [sher] o’ziga kerak bo’lgan narsanigina oladi va shuning uchun agar siz yaxshilab nazar solsangiz [masalan, sher zebralarga hujum qilganda ko’rsatadigan bu filmlarni ko’rgansiz], sher kelganda barcha zebralar yugurishadi; lekin sher faqat bitta zebra ushlaydi, keyin qolgan zebralar hammalari to’xtab, o’tloqlariga qaytadilar yoki sokinlashib qolishadi. Chunki ular hammasi tugaganini bilishadi. Arslon ulardan kerakli narsani oldi, bo’ldi. Demak, ularda endi qo’rquv yo’q, qo’rqmaydi, chunki sher faqat o’ziga kerakli narsani oladi; va bular [asl] mo’minning dunyoda ega bo’lgan fazilatlariga ham qiyos qilsa bo’ladi. Shuning uchun biz musulmonlar unutmaylikki, Ramazon sakina mavsumidir, bu muborak oy Alloh aytgan sakina [osoyishtalik]ni o’rganish vaqtidir va bu oy sabr-toqat vaqtidirki, “kalimat-at-taqvo”ning mohiyati bu oydagina topiladir!

Demak, sakinaga nima ergashib kelmoqda?! – Taqvo! Bu esa ro’za tutishning bir qismidirki, ya’ni ro’za tutgan kishiga ro’zasi sakina olib keladi. Ya’ni, ro’zador kishining qalbida sokinlik o’rnashadi. Bu esa taqvo va kamtarlik, go’zal xulq kasb etishga sabab bo’ladi. Bu esa taqvoni lozim tutishni osonlashtiradi va nihoyat kishi Allohni yaqindan tanish baxtiga muyassar bo’la boshlaydi. Avvalroqda aytganimizdek, taqvo – himoyalanish vositasi sizda paydo bo’ladiki, ro’za va taqvo sizni dunyoda barcha yomonliklardan, oxiratda esa do’zax o’tidan himoya qiladi.

Alloh taolo Fath surasida marhamat qiladiki, “U Zot ularni sizga zarar yetkazishdan, sizni esa ularga zarar yetkazishdan qaytargan Zotdir.” Ya’ni, Alloh taolo kofirlarni mo’minlar Makkada zaif bo’lganlarida ularga zarar yetkazishdan to’sdi, so’ngra Alloh taolo ularga hukmronlik berganidan keyin musulmonlarni ham ularga [kufforga] zarar yetkazishdan qaytardi. Alloh hamma narsani ko’rib turuvchidir. Demak, maqsad dushmanlaringni xor qilish, o’ziga bo’ysundirish uchun ularni yengish emas ekan, yo’q also! Asl maqsad – dushmanni “eng yuqori saviyadagi xabardorlik” darajasiga ko’tarish ekan; sizning qo’lingizga kuch berilganda o’zingizni qanday tutishni o’rgatish uchun ekan; chunki kuch – bu mas’uliyat ekan! Agar siz intizomli [Alloh va Rosuliga itoatli] bo’lmasangiz, buni [quvvat va kuchni] eplay olmaysiz. Shuning uchun musulmonlarga berilgan ta’limotlar ularni asl quvvat egasi qilib tayyorlash uchundir, desak ham bo’ladi. Agar ular ma’naviy jihatdan tayyor bo’lmasalar, Alloh ularni quvvat [kuch]dan mahrum qiladi va ularning kuchini olib qo’yishining sababi ular bunga loyiq emasligida bo’lib qoladi. Chunki agar ularga zaif ahvolda ekanliklarida quvvat berilsa, ular Islomni sharmanda qiladilar; agar ularga ma’naviy intizom va ogohlik holatida [sakinaga ega holatlaridagina] quvvat berilsa, ular Islomni ko’kka ko’taradilar, e’zozga olib chiqadilar. Mana shuning uchun ham tariximizga, buyuk g’alabalarimizga [Nabaviy fathlarga] nazar tashlasak, buyuk g’alabalarimizda qon to’kilmagan! Payg’ambarlar alayhissalom 20 yillik zulmdan so’ng Makkaga kirgan kunlari – Islomning haqiqiy buyuk g’alabasi bo’ldi va buni Alloh Quronda [Fath surasini nozil qilib] ma’lum qildi, axir! Ular [kuffor ahli] payg’ambarga hujum qilgandan keyin, yomon ishlarni qilgandilar. Payg’ambar alayhissalom qaytib kelib, bu odamlarga: “Barchangiz kechirildingiz!” dedilar, axir!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bugun sizda hech qanday ziyon yo’q. Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, omodadir, dedilar, axir.

“Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Makka ozod qilingan yili Abbos ibn Abdulmuttalib Abu Sufyon ibn Harb bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldilar va u zot Islomni qabul qildilar. Abbos: “Yo Rasululloh, Abu Sufyon mag’rur odam, unga bir narsa bering”, dedi. Rasululloh: «Ha. Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, omon qoladi. Kim eshikni yopsa, omon qoladi”.[9]

Biz ham ana shunday kechirimlilikka, ruhiy-ma’naviy intizomlilikka, boshqacha aytganda, hilmga ro’za tutish ila erishamiz. Chunki, Ramazon sakina mavsumidir, bu muborak oy Alloh aytgan sakina [osoyishtalik]ni o’rganish vaqtidir va bu oy sabr-toqat vaqtidirki, “kalimat-at-taqvo”ning mohiyati bu oydagina topiladir! Taqvo uchun Alloh va Rosuliga qaytmoq lozimdir. Faqat Alloh va Rosuliga qaytish bilan Alloh taolo mo’min va mo’minalarni yer yuzida yana bir bor yuksaltiradi va ularni asl voris qiladi va Allohning yerdagi xalifasi maqomiga loyiq qiladi!

Biz [ahli islom] xor [nochor yoki zaif] ahvolda ekanligimizga [ko’p] qarash o’rniga Allohga ko’p shukr qilishimiz kerak. Chunki biz o’zimizni o’zimiz kamsitdik [yoki hamon kamsitmoqdamiz]. Alloh taolo bizga kuch [quvvat] berib, keyin bizga [ataylab] xorlikni bergani yo’q. Shu bois, biz musulmonlar aynan taqvo va sakinada bo’lishimiz kerak, ana shu – Ramazonning mohiyatidir! Sakina va taqvoni bizga tuhfa etuvchi muborak oyga marhabo deb qolaman! Ramazon – Parvardigorimiz bilan yaqindan bog’lanish mavsumidir! Ramazon – Alloh ila aloqani [qayta] tiklash faslidir! Ramazon – Alloh bilan rishtadir! Alloh bizga bu oyda mustahkam uzilmas arqon – Qur’onni bergandir. 

Alloh taolo marhamat qilganidek, “Allohning arqonini mahkam” tutaylik! Chunki Rosululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, Qur’on “Allohning uzilmas arqonidir”.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Albatta, bu Qur’on arqondir. Bir uchi Allohning qo’lida, ikkinchi uchi sizning qo’lingizda. Undan mahkam ushlang, chunki siz hech qachon adashmaysiz va hech qachon halok bo’lmaysiz”.[10]

Muborak Ramazon oyida Alloh bilan bo’lgan ahdimizning bir qismi o’laroq Allohning kitobiga qaytish va Qur’onni o’qiylik, uning ma’nolari haqida tafakkur qilaylik. Ramazon – Qur’onga qaytish, Qur’on haqida tafakkur qilish, Ramazon – mahasaba – nafs bilan hisoblashish vaqtidir! Ramazon – bizni Alloh yo’liga va Sunnatga qaytadan kirishimiz vositasidir. Ramazon – hazrati Ibrohim alayhissalomning yo’lidir, hazrati Muso alayhissalomning yo’lidir, hazrati Iso alayhissalomning yo’lidir va bu habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning yo’lidir! Bu yo’lda yurmoqlik – payg’ambarlar yo’lida yurmoqlikdir! Bu eng yaxshi bosib o’tiladigan yo’ldir! Bu Allohga eng yaqin bo’lgan odamlarning yo’lidir! 

Biz ro’za tutganimizda o’zimizni barcha payg’ambarlar shariati va sunnati zanjiri bilan bog’lagan bo’lamiz. Biz ro’za tutganimizda o’zimizni har bir Allohni izlovchi soliklar bilan zamonning boshidan oxirigacha uzilmas rishtalar bilan bog’lanamiz! Biz ro’za tutganimizda o’zimizni Alloh tomonidan qutqarilishiga harakat qilganlardan bo’lamiz! 

Shuning uchun ham bu ramazon muborak oydir! Bu – odamlar imkon qadar ko’proq foyda topa oladigan fasldir! Shunday ekan ramazonda vaqtni behuda o’tkazmaslik kerak! Televizorlarni o’chirish vaqti keldi, internetda yangiliklar kuzatib o’tirish va telefon o’ynab yotishni to’xtatish fursati keldi!

Shunday ekan, tilimizni o’zgalarni yomonlik bilan eslashdan, odamlarni yomonlashdan, vaqtimizni behuda o’tkazib, “qiyla va qol” ila band bo’lib qolishdan tiyaylik, Allohni zikr qilishga shug’ul bo’laylik! Chunki, Ramazon tilni tarbiyalash vaqtidir! U qalbni tarbiyalash vaqtidir! 

Shayxulislom Imom G’azzoliy hazratlari aytganlaridek, “haqiqiy ro’za til va oshqozon ro’zasi emas, balki haqiqiy ro’za qalbning tutilishidir, u yerda siz qalbingizni harom qilingan fikrlar, harom qilingan tashvishlar bilan “ziyofat” qilishiga qat’iy to’sqinlik qila boshlaysiz va taqvoni singdirish haqida tashvish qilasiz!” Rizq tashvishi – tavakkal emas, Allohga ishonmaslikdir. Shunday qilib, ramazonda sakina topaylikki, bu barcha qo’rquvlar-u tashvishlardan xalos qiladir.

Chunki, bugungi dunyomiz qo’rquvga asoslangan dunyo bo’lib qoldi. Bugun u yoki bu narsadan, ishimiz yoki pul manbamizni yo’qotishdan, boylikni yo’qotishdan xullas, u yoki bu narsani yo;qotishdan qo’rqib yashaydigan kunlarda bo’lib qoldik…. 

Darhaqiqat, biz hammasini yo’qotishimiz mumkin, lekin agar bizda Alloh bo’lsa-chi? U holda hech narsani yo’qotmaganimiz aniq! Chunki biz hohlagan hamma narsa Alloh huzurida border. 

Shunday ekan, Ramazonda Alloh va Rosuliga qaytaylikki, hamma narsaga erishamiz! Biz Ramazondamiz! Bu esa har qanday qo’rquv va tashvishlarning barchasidan voz kechish vaqtidir!

 

Abduqayumov Akmaljon

Imom Fahriddin ar-Roziy Madrasasi 

3-kurs 121 “A” guruh tolibi


 

[1] أَخْبَرَنَا قُتَيْبَةُ، قَالَ حَدَّثَنَا اللَّيْثُ، عَنْ يَزِيدَ بْنِ أَبِي حَبِيبٍ، عَنْ سَعِيدِ بْنِ أَبِي هِنْدٍ، أَنَّ مُطَرِّفًا، - رَجُلٌ مِنْ بَنِي عَامِرِ بْنِ صَعْصَعَةَ - حَدَّثَهُ أَنَّ عُثْمَانَ بْنَ أَبِي الْعَاصِ دَعَا لَهُ بِلَبَنٍ لِيَسْقِيَهُ فَقَالَ مُطَرِّفٌ إِنِّي صَائِمٌ فَقَالَ عُثْمَانُ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ ‏‏ الصِّيَامُ جُنَّةٌ كَجُنَّةِ أَحَدِكُمْ مِنَ الْقِتَالِ ‏ ‏ 

[Sunan Nasoiy, “Ro’za kitobi”, 2230-hadis].

[2] إِنَّ رَبَّكُمْ يَقُولُ كُلُّ حَسَنَةٍ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعِمِائَةِ ضِعْفٍ وَالصَّوْمُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ الصَّوْمُ جُنَّةٌ مِنَ النَّارِ وَلَخُلُوفُ فَمِ الصَّائِمِ أَطْيَبُ عِنْدَ اللَّهِ مِنْ رِيحِ الْمِسْكِ وَإِنْ جَهِلَ عَلَى أَحَدِكُمْ جَاهِلٌ وَهُوَ صَائِمٌ فَلْيَقُلْ إِنِّي صَائِمٌ ‏”‏ [Jomiy at-Termiziy: “Ro’za kitobi”, 764-hadis].

[3] الصِّيَامُ جُنَّةٌ مِنَ النَّارِ فَمَنْ أَصْبَحَ صَائِمًا فَلاَ يَجْهَلْ يَوْمَئِذٍ وَإِنِ امْرُؤٌ جَهِلَ عَلَيْهِ فَلاَ يَشْتِمْهُ وَلاَ يَسُبَّهُ وَلْيَقُلْ إِنِّي صَائِمٌ وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ لَخُلُوفُ فَمِ الصَّائِمِ أَطْيَبُ عِنْدَ اللَّهِ مِنْ رِيحِ الْمِسْكِ [Sunan Nasoiy: “Ro’za kitobi”, 2234-hadis].

[4] “‏ إِذَا أَصْبَحَ أَحَدُكُمْ يَوْمًا صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ شَاتَمَهُ أَوْ قَاتَلَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّي صَائِمٌ إِنِّي صَائِمٌ ‏”‏ ‏.‏[ Sahihi Muslim: “Ro’za kitobi”, 1151a hadis].

[5] Tabaqatush Shofi’iyya, 6-jild, 357-bet; Al Mug’niy ‘An Hamlil Asfar, 3611-hadis; Al Maqosidul Hasanah, 1240-hadis; Al Asrorul Marfua, 555-hadis.

[6] وَقَدْ وَجَدْتُمُوهُ ‏‏.‏ قَالُوا نَعَمْ ‏.‏ قَالَ ‏”‏ ذَاكَ صَرِيحُ الإِيمَانِ [Sahihi Muslim: “Iymon kitobi”, 132-a hadis]

[7] مَا مَلأَ آدَمِيٌّ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنٍ [Sunan Ibn Moja: “Taom bobi”, 3349-hadis].

[8] Sunan Nasoiy: “Ro’za kitobi”, 2234-hadis.

[9] Sunan Abu Dovud, 3021-hadis.

[10] Sahih Ibn Hibbon, 122-hadis.

Izoh qoldirish

Izohlar