MING OYDAN YAXSHIROQ KECHA
Ramazon oyida muborak bir kecha borki, Alloh taolo o‘z kalomida uning ming oydan ham afzal ekani haqida marhamat qilgan. Ya'ni, kim o‘sha kechani ibodat bilan o‘tkazsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan ko‘p savobga erishadi.
Bu – Qadr kechasidir.
Kurʼoni karimda Alloh subhanahu va taolo shunday marhamat qiladi:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
Yaʼni: “Laylatul qadr ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Buning maʼnosi qadr kechasi ming oyga teng degani emas va bir ming bir oyga teng degani ham emas. Balki, bu kecha ming oydan koʻra ancha yaxshiroq kechadir. Uning hisobini biz bila olmaymiz.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
Ramazon oyi kelganida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh sizlarga bu oyda ro‘za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo‘lsa, mahrum qilinadi», – dedilar (Imom Nasaiy).
Qadr kechasining oxirgi oʻn kunlikka yashirilgani Alloh taoloning hikmatidir. Bunday ulugʻ neʼmatning vaqti shunchaki aytib qoʻyilganida, uning qadri boʻlmas edi. Shuning uchun bu neʼmatga erishish yoʻlida mashaqqat ham chekish kerak. U zot bizga Laylatul qadrni qaysi kechaga yashirganini bildirmadi. Faqatgina oxirgi oʻn kunlikda, yanayam aniqrogʻi, toq kechalarda kelishini aytdi. Agar bir yil yigirma beshinchi kechada kelgan boʻlsa, keyingi yil yigirma birinchi, undan keying yillarda yigirma uchinchi, yigirma yettinchi kechada kelishi mumkin. Turli xil kechalarda kelaveradi. Endi, agar sizni qadr kechasini topish va uning barakotlariga ega boʻlish qiziqtirsa, u holda ushbu besh kechada bedor turishga harakat qiling. Shunday ulugʻ fazilatni qozonish uchun ushbu besh kechani bedor oʻtkazish aslo qiyin ish emasdir.
Ushbu muborak kechaning 7ta alomati bo‘lib, ular quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
1. Qadr kechasida sokinlik hukm suradi. Atrof musaffo, yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi.
2. Osmondagi yulduzlar uchmaydi, boshqa jismlar qaltis harakat qilmaydi. Kasalliklar paydo bo‘lmaydi.
3. Havo mo‘'tadil bo‘ladi, juda issiq ham, juda sovuq ham bo‘lmaydi.
4. Ertalab quyosh qizarib, tog‘araga o‘xshash, yog‘dusi juda zaif bo‘lib ufqdan bosh ko‘taradi. Sababi o‘sha tun va kunda ko‘p farishtalar yerga tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to‘sib qo‘yadi.
5. Qadr kechasida yomg‘ir-qor yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi. Sho‘r suvlar chuchuk bo‘ladi.
6. Daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turadi.
7. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
U ming oydan yaxshiroq kechadir, deyiladi. Agar bu hisob-kitob qilib ko‘rilsa, taxminan, 83,3 yilga to‘g‘ri keladi. Mana shu kechada qilinadigan ibodatlar, zikrlar, salovot-u tasbehlar, duolar ana shunday vaqt kengligini qamrab oladi.
Bu – shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan afzal, deganidir. Bundan ortiq bu kechaning yana qanday go‘zal va ulug‘vor fazilati bo‘lishi mumkin?
Barchalarimizga mana shu kechaning barokoti, hikmati, fayzi, salomatligi, muborakligi nasib etsin, unda qiladigan har bir amalimizni Alloh taoloning o‘zi dargohida qabul qilsin.
Manbalar asosida
Imom Faxriddin ar-Roziy o`rta maxsus islom bilim yurti 3-kurs talabasi
Samandar Mehmonov
Izohlar