Diniy taʼlim borasida batafsil maʼlumotga egamizmi? Davomi…
2. Dunyoviy taʼlim muassasalaridagi dinga oid akademik taʼlim
Dunyoviy taʼlim muassasalaridagi dinga oid taʼlim yoʻnalishi boʻyicha quyidagilarni aytib oʻtish lozim. Oʻzbekistonda litsey-kollej va oliy taʼlim muassasalarida “Dinshunoslik” fani doirasida bir qancha dinlar va ulardagi ibodatlar haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Shuningdek, bir qator fanlarda har bir shaxsda insoniylik, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, insonlar oʻrtasida oʻzaro mehr-muruvvat tuygʻularini kamol toptirishga xizmat qiluvchi diniy matnlar, hadisi sharif va turli diniy mazmundagi rivoyatlardan namunalar keltirilgan mavzular kiritilgan.
Respublikamiz qonunchiligi boʻyicha taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, lekin din haqida maʼlumot beruvchi fanlar bundan mustasno ekani belgilangan. Buning sababi din haqida maʼlumot beruvchi oʻquv predmetlarida biror dinga ustunlik bermagan holda koʻpchilik eʼtiqod qiluvchi dunyo va milliy dinlar, ulardagi ibodat va rasm-rusmlar haqida maʼlumotlar ensiklopedik tarzda bayon etiladi. Shuningdek, bunday fanlarda diniylik ruhi boʻlmaydi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekiston dunyoviy taʼlim muassasalarida din haqidagi bilimlar ilohiyot nuqtai nazardan emas, akademik yondashuv asosida beriladi.
Koʻpchilik ota-onalar xohlayotgan taʼlim-tarbiya, odob-axloq va umuminsoniy tamoyillarni oʻrgatadigan masalalarni oʻz ichiga qamrab olgan “Tarbiya” fani 2020-yildan eʼtiboran umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquv dasturiga kiritildi.
Dunyoviy taʼlim muassasalaridagi dinga oid taʼlim boʻyicha holat haqidagi quyidagi xulosalarni koʻrsatib oʻtish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
– Oʻzbekiston dunyoviy taʼlim muassasalarida din haqidagi bilimlar akademik yondashuv asosida beriladi;
– umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 1-11 sinf oʻquvchilari uchun umuminsoniy va diniy qadriyatlar, yuksak maʼnaviyatni oʻzida mujassam etgan “Tarbiya” deb atalgan yangi fan joriy etildi. Bu fan din bilan bogʻliq odob-ahloq va tarbiyaga tegishli maʼlumotlarni ham taqdim etadi;
– dunyoviy oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalariga “Dinshunoslik” fani kiritilgan. Ushbu fan doirasida jahon va dunyo dinlari, milliy dinlar haqida biror bir dinga ustunlik bermagan va kamsitmagan holda taʼlim beriladi. Shu oʻrinda alohida qayd etish lozimki, barcha diniy taʼlim muassasalarida ham diniy fanlar qatorida dunyoviy fanlardan taʼlim beriladi.
Oʻzbekistonda diniy taʼlimdan farqli oʻlaroq akademik dinshunoslik-islomshunoslik taʼlimi ham yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bu yoʻnalishda malakali mutaxassis-kadrlarni tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Mazkur oʻquv yurtida islomshunoslik va dinshunoslik yoʻnalishlari doirasida Qurʼon ilmlari, hadis, islom huquqi (fiqh), aqida, tasavvuf kabi taʼlim mutaxassisliklariga fan sifatida akademik yondashuv asosida ushbu soha uchun ilmiy xodimlar, olimlar tayyorlanadi (diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari boʻlgan imom-xatib, noib-imom, mutavalli, muazzin emas).
Davomi bor…
Manba: Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Izohlar