QUR’ON VA SUNNAT OLIYHIMMAT BO‘LISHGA UNDAYDI
QUR’ON VA SUNNAT OLIYHIMMAT BO‘LISHGA UNDAYDI
Qur’oni karim va hadisi shariflar mo‘minlarni oliy himmatli va yaxshi amallarda peshqadamlikka chaqiradi, pastlikdan qaytaradi. Bu borada Qur’oni karim turli uslublarni qo‘llagan. Himmati past kishilarni mazammat (tuban) qilib, jirkanch holatda tasvirlab keltirgan. Xuddi Alloh taolo Muso alayhissalomning o‘z qavmiga aytgan so‘zlarini keltirganidek: “Yaxshi narsani past narsaga almashtirmoqchimisizlar...” (Baqara surasi, 61-oyat).
Va yana: “(Ey Muhammad!) Oyatlarimizni keltirganimizda ulardan chiqib ketgan (amal qilmagan) odamni ularga o‘qib bering! Agar xohlaganimizda, uni ular (oyatlar) sababli (martabasini) ko‘targan bo‘lur edik. Lekin u yerga xirs qo‘ydi va (nafs) havosiga ergashdi. Uning misoli go‘yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham hansiraydi, o‘z holiga qo‘ysang ham hansirayveradi. Bu o‘sha oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan qavm kishilarining misolidir. Bu qissalarni (ularga) aytib bering, shoyad tafakkur qilsalar!” (A’rof surasi, 175-176-oyatlar).
Alloh taolo ilmiga amal qilmagan yahudiylarni sifatlab bunday deydi: “Tavrot yuklatilgan (berilgan), so‘ngra uni ko‘tarmagan (unga amal qilmagan) kimsalarning misoli xuddi kitoblarni ortib ketayotgan eshakka o‘xshaydi. Allohning oyatlarini inkor etgan kishilarning misoli naqadar yomondir. Alloh zolimlar qavmini hidoyat qilmas” (Juma surasi, 5-oyat).
Yana bir oyatda o‘zlariga berilgan ilmni yashirganlarni tavsiflab aytadi: “...uzlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)lar bildirildi. Kitobni (Tavrotni) kim nozil qilgan edi?” (An’om surasi, 91-oyat). Ya’ni “bildirdilar-u, ammo amal qilmadilar”, bu esa haqiqiy ilm hisoblanmaydi.
Alloh taolo Ya’qub alayhissalomni maqtab bunday deydi: “...u Biz (vahy orqali) bergan ta’limimiz sababli (chuqur) bilim egasidir” (Yusuf surasi, 68-oyat). Ya’ni bilganiga amal qilardi.
Alloh taolo bu dunyo hayotini oxiratdan afzal ko‘rganlar, shu dunyoga ilon kabi himmatlarini o‘ta pastligidan yopishib, bunday qilish kishi himmatining o‘ta pastligidandir. Faqat dunyo sifatidan yiroq bo‘lishi kerak. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Sizga ne bo‘ldiki, Alloh yo‘lida (jangga) chiqish buyurilsa, yerga og‘irligingizni soldingiz (chiqmay o‘tirasiz)?! Oxiratdan (kechib) dunyo hayotiga rozi bo‘lasizmi? Oxiratga nisbatan dunyo hayotining matohi (lazzati) juda ozdir!” (Tavba surasi, 38-oyat).
Haq taolo boshqa oyatda ogohlantiradi: “Odamlar orasida shundaylari ham borki, ular: ‘Ey Rabbimiz, bizga shu dunyoda bergin’, deydilar. Vaholanki, ularga oxiratda nasiba yo‘qdir. Yana shundaylari ham borki, ular: ‘Ey Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin’, deydilar. Aynan o‘shalarga qilgan ishlaridan nasiba (savob) bordir. Alloh tez hisob-kitob qiluvchi zotdir” (Baqara surasi, 200-202-oyatlar).
Haq taolo yahudiylarning dunyo hayotiga berilib yashashini, xor-zorlik ichra ham shu dunyoni yaxshi ko‘rishini ayblab aytadi: “Ularni odamlardan va mushriklardan ham hayotga (yashashga) xirs qo‘yganroq holda topasiz...” (Baqara surasi, 96-oyat).
Mushriklarning har xil narsalarga ibodat qilishi bilan Allohga shirk keltirib yashashi xorlik va qalbini kir bosganidandir. Ular haqida Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Kimki Allohga shirk keltirsa, bas, u go‘yo osmondan qulagan va uni qushlar (o‘lja qilib) olib ketgan yoki uni (qattiq) shamol yiroq joyga uchirib ketgan (jonsiz narsa) kabidir” (Haj surasi, 31-oyat).
Iso alayhissalomni Xudo deb sig‘inadiganlar haqida Alloh taolo xabar beradi: “Masih ibn Maryam faqat rasul (Allohning elchisi)dir. Undan oldin (ham) rasullar o‘tgan. Onasi soddiqa (imonda sodiq ayol)dir. Ikkisi ham (boshqa insonlar kabi) taom yer edilar. Qarang, ularga hujjatlarni qanday aniq bayon etyapmiz. So‘ngra qarang, (ular haq yo‘ldan) qayoqqa qarab og‘ayaptilar?!” (Moida surasi, 75-oyat). Ya’ni shuncha dalillardan keyin ham Allohni qo‘yib, u ikkalasiga (Iso va onasiga) amal qiluvchilar shubhalar ichida qolganlardir.
Imom Faxriddin ar-Roziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi talabasi Tohirjonov Muhammadrizo
УЗ
РУ
EN
العربية