"Qur’oniy qissalar: Haqiqiy tarix va ma’naviy tarbiya asosi"
"Qur’oniy qissalar: Haqiqiy tarix va ma’naviy tarbiya asosi"
Alloh taolo Qur’oni karimni oxirzamon payg‘ambari bo‘lmish Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga nozil qildi. Qur’on Allohning kalomi va mo‘’jizasidir.
Qur’oni karimda payg‘ambarlar, solih zotlar, o‘tmish qavmlarning hayoti, shuningdek, insoniyat yaralishidan to o‘zligini tanib, yagona Allohga iymon keltirgungacha bo‘lgan juda uzoq davr tarixi bilan bog‘liq voqea-hodisalar oyatlar asosida qissalar ko‘rinishida bayon qilindi.
"Qur’oniy qissalar" g‘oyalarining yuksakligi, maqsadlarining olijanobligi, mushohadalarining kengligi bilan o‘sib kelayotgan yosh avlodni komil insonlar bo‘lib tarbiyalanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, inshaalloh.
Kimsa, narsa va u bilan bog‘liq voqea-hodisalarning og‘zaki tafsiliy bayoni "hikoya" deyiladi. Hikoya arab tilida "qissa (hikoya qildi)" so‘zi bilan ifodalanadi. Hikoya epik turga mansub kichik hajmli adabiy janr hisoblanadi. Biroq Qur’oniy qissalar bo‘lib o‘tgan voqealarni bayon qilgani uchun haqiqiy va hayotiy qissalardir:
إِنَّ هَذَا لَهُوَ الْقَصَصُ الْحَقِّ
*«Albatta, bu voqeiy qissadir...»*
Yuqorida ta’kidlanganidek, Qur’on haqqoniy qissalarni bayon qilgani, ya’ni tarixda bo‘lib o‘tgan ibrat to‘la voqea-hodisalarni taqdim etgani sabab, undagi qissalarga "hikoya" deyilmaydi. Hikoya yuzaga kelmagan, biroq ehtimolli hodisalarni misol keltirish orqali bayon qilinadi.
Qur’on o‘qish-yozishni bilmagan, qadimiy kitoblarni o‘qib, ulardagi ma’lumotlarni bilib olishi imkonsiz bo‘lgan ummiy Payg‘ambarga berilgan ulkan mo‘’jizadir, shuningdek, Qur’onga "asotirul-avvalin" ya’ni "avvalgilarning afsonalari" degan mushriklarga qat’iy javobdir. Qur’on avvalgilarning haqiqiy xabarlarini, bo‘lib o‘tgan haqqoniy tarixini bayon qiladi.
Qur’on insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun nozil qilingan. Shuning uchun ham hikmat va chiroyli pand-nasihat uslubidan foydalanilgan. Bo‘lib o‘tgan voqealar ta’sirchan uslub bilan bayon qilingan, shu orqali o‘xshash voqealar insonlarning boshiga har lahza kelishi mumkinligi ta’kidlanib, ulardan saboq chiqarishlari maqsad qilingan.
Qur’on uslub sifatida foydalangan bayon, pand-nasihat va hikmat unsurlari qissada bir joyga jamlangan. Qur’on beshta mavzu (iymon, ibodat, axloq, jinoyat va jazo, qissalar)ni o‘zida jamlab, ulardan eng qamrovlisi axloq mavzusi va qissalardir. Payg‘ambarlarning yuborilishidan maqsad iymonli va axloqli insonlarni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga boshlash bo‘lib, Qur’onning yarmiga yaqin qismida insonlarga dars va ibrat bo‘lishi uchun o‘tmish payg‘ambarlar va xalqlarning qissalari bayon qilingan.
Qur’oniy qissalarning tarbiyadagi roli katta. O‘tmish insonlarning boshidan kechgan voqea-hodisalarni va ularning sabablarini bayon qilish hozirgi kun kishisi uchun ham yo‘l ko‘rsatadi, saboq beradi. Chunki inson yaratilishi, xohish-istaklari va zaif jihatlari bilan bir xildir. Uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan insonlar va xalqlarda mavjud bo‘lgan xususiyatlar hozirgi kun insonida ham bor. Misol uchun inkorchilar va zolimlarning ayanchli oqibatlari Qur’onda Fir’avn va qo‘shinining dengizda g‘arq bo‘lishiga olib borgan zulmlarini bayon qilish orqali namoyon qilinadi. Yana, shuningdek, mashaqqatlarga bardosh berib, Allohga bo‘lgan iymon va tavakkulini yo‘qotmagan kishilarning oxir-oqibat ulug‘ darajalarga yetishlari va sabr-matonatlarining mukofotini ko‘rishlari Yusuf alayhissalom qissasida go‘zal ko‘rinishda ifodalangan.
Qur’onda keltirilgan qissalardan asosiy maqsad tarixiy ma’lumot berish bo‘lmagani bois, voqea yuz bergan joy va uning vaqti haqida tafsilot berilmagan. Asosiy maqsad turli toifadagi xalqlarning yashash tarzlari, payg‘ambarlarning hayoti, jumladan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam boshdan kechirgan hodisalar, haq va haqiqat doim g‘alaba qozongani, hamisha ustun bo‘lganini ko‘rsatib berish, Payg‘ambarga va mo‘minlarga tasalli berish, payg‘ambarlarga qarshi kurashgan muxoliflar oxir-oqibat mag‘lub bo‘lganini tarixiy misollar bilan keltirib, mo‘minlarning azmlarini kuchaytirishdir.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, Qur’oniy qissalar shunchaki o‘tmish xalqlarining tarixiy xronikasi yoki badiiy hikoyalar to‘plami emas. Ular insoniyat uchun har qanday zamon va makonda o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydigan ilohiy tarbiya maktabidir.
Ushbu qissalarning asosiy xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Haqqoniylik: Ular inson tasavvuri mahsuli bo‘lgan to‘qima hikoyalardan farqli o‘laroq, hayotiy va ilohiy haqiqatlarga asoslangan.
Alohida Uslub: Qissalarda vaqt va joy tafsilotlaridan ko‘ra, voqeadan kelib chiqadigan hikmat va xulosa birinchi o‘ringa qo‘yilgan. Bu esa ushbu voqealarning har bir davr kishisi uchun o‘ziga xos dars bo‘lishini ta’minlaydi.
Ma’naviy Qalqon: Payg‘ambarlar hayotidagi og‘ir sinovlar va ularning go‘zal sabri bayon qilinishi orqali zamonaviy inson ruhiyati uchun eng kuchli tasalli va motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday ekan, Qur’oniy qissalarni o‘rganish o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida mustahkam iymon, yuksak axloq va hayotiy qiyinchiliklarga nisbatan matonat shakllanishida eng muhim poydevordir. Zero, ushbu qissalarning mag‘zini chaqqan inson nafaqat o‘tmishni anglaydi, balki o‘z kelajagini ham to‘g‘ri yo‘naltirish imkoniga ega bo‘ladi.
Imom Faxriddin ar-Roziy o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi 3-kurs tasabasi Xoshimjonov Abdulaziz
УЗ
РУ
EN
العربية