Zaif hadis — to‘qima degani emas
Zaif hadis — to‘qima degani emas
Hadis ilmi haqida so‘z ketganda, ko‘pincha “sahih”, “hasan”, “zaif” va “to‘qima” kabi atamalar uchraydi. Bu tushunchalar bir-biriga yaqin ko‘rinsa-da, aslida ularning har biri alohida ilmiy mazmunga ega. Ayniqsa “zaif hadis” bilan “to‘qima hadis”ni bir ma’noda tushunish hadis tanqidining murakkab tarixiy va metodologik tizimini soddalashtirib yuboradi. An’anaviy hadis terminalogiyasiga nazar tashlanganda, zaiflikning o‘zi ham bir xil darajadagi holat emasligi ko‘rinadi.
Hadislarni tekshirishning asosiy vazifalaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan rivoyatlarning qanchalik ishonchli ekanini aniqlashdan iborat bo‘lgan. Buning uchun muhaddislar rivoyatning faqat mazmuniga emas, balki uning yetib kelish yo‘liga, ya’ni isnodiga, roviylariga va rivoyatning boshqa jihatlariga ham e’tibor berganlar. Natijada hadislar turli darajalarga ajratilgan. Shu nuqtayi nazardan “zaif” degan hukm “bu gap mutlaqo to‘qib chiqarilgan” degan hukm bilan teng emas.
Zaiflik nimadan kelib chiqadi?
Hadisning sahih deb baholanishi uchun bir necha shartlar bajarilishi lozim. Rivoyat zanjiri uzluksiz bo‘lishi, undagi roviylar adolatli va ishonchli bo‘lishi, ularning rivoyatni aniq saqlash qobiliyati yetarli darajada bo‘lishi, hadis shozz bo‘lmasligi (ya’ni yuqoridagi sifatlarga ega bo‘lgan olimlarning qilgan rivoyati bu sifatlarga ega bo‘lgan o‘zlaridan boshqa kuchli imomlarga xilof kelmasligi) va unda yashirin illat mavjud bo‘lmasligi talab qilinadi.
Shartlarning birortasi bajarilmasa, rivoyat sahihlik darajasiga yetmasligi mumkin. Demak, hadisning zaif deb baholanishi turli sabablar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, sanadning uzilishi, roviy haqida yetarli ma’lumot mavjud emasligi, roviy xotirasining zaifligi yoki rivoyatning boshqa ishonchli rivoyatlarga zid kelishi shular jumlasidandir.
Shu sababli “zaif hadis” deganda bitta yagona holatni tasavvur qilish to‘g‘ri emas. Zaif rivoyatlarning ayrimlari boshqa rivoyatlar orqali quvvatlanishi mumkin. Ba’zi hollarda bir rivoyatning bir necha yo‘l bilan kelishi uning zaiflik darajasini kamaytiradi. Hadis tanqidida shohid va mutoba’a kabi tushunchalarning mavjudligi ham aynan shu masala bilan bog‘liq.
Demak, rivoyatning bir sanadida zaiflik bo‘lishi uning mazmuni mutlaqo asossiz ekanini anglatmaydi. Muhaddis uchun keyingi savol — bu zaiflikning tabiati qanday va uni boshqa dalillar bilan qoplash yoki quvvatlash mumkinmi — degan masala bo‘lgan.
Zaiflikning darajalari bir xil emas.
Hadislarni tekshirish tarixida zaif rivoyatlarning turli darajalari ajratilgan. Ayrim zaifliklar nisbatan yengil bo‘lishi mumkin. Boshqa hollarda esa zaiflik ancha kuchli bo‘ladi. Masalan, roviy noma’lum bo‘lsa yoki uning xotirasidagi zaiflik sababli rivoyat qabul qilinmasa, bu holat yolg‘onchilikda ayblangan roviy mavjud bo‘lgan sanad bilan bir xil darajada baholanmaydi.
Aynan shu farqni hisobga olmaslik “zaif hadis” tushunchasining mazmunini yo‘qotib qo‘yadi. Zaiflikning quyi chegaralarida munkar, matruk va yashirin nuqsonli rivoyatlar kabi yanada og‘ir holatlar mavjud. Eng og‘ir holatlarda esa rivoyat to‘qima, ya’ni mavzu’ deb baholanishi mumkin.
Shuning uchun to‘qima rivoyat bilan oddiy zaif rivoyat o‘rtasida qat’iy farq mavjud. To‘qima rivoyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tegishli bo‘lmagan gapni u zotga nisbat berish bilan bog‘liq. Zaif rivoyatda esa bunday qat’iy hukm uchun asos bo‘lmasligi mumkin. Uning muammosi rivoyatning qabul qilish shartlaridan bir yoki bir nechtasini to‘liq bajarmaganidadir.
Bu farq hadis tanqidining eng muhim ehtiyotkorlik tamoyillaridan birini ko‘rsatadi, shunday ekan har bir rivoyatga bir xil hukm berilmaydi.
Zaif hadisdan foydalanish masalasidagi qarashlar:
Salaf-solih ulamolar an’anada zaif hadislarning qo‘llanishi borasida ham yagona qarash bo‘lmagan. Ba’zi olimlar zaif hadisni hech bir sohada dalil sifatida qabul qilish mumkin emas, degan qat’iy fikrni ilgari surganlar. Boshqa bir yondashuvga ko‘ra esa, zaif hadislar ayniqsa fazilatli amallar, targ‘ib va tarhib kabi sohalarda muayyan shartlar asosida qo‘llanishi mumkin.
Bu masalada Ibn al-Salah va Ibn Hajar kabi olimlarning qarashlari muhim o‘rin tutadi. Zaif hadisdan foydalanishga yo‘l qo‘yiladigan holatlarda ham ehtiyotkorlik talab qilingan. Hadis juda zaif bo‘lmasligi, u islomning umumiy tamoyillariga zid kelmasligi va uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qat’iy ravishda sobit bo‘lgan hadis sifatida taqdim etmaslik kabi shartlar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, hadisning qaysi masalada ishlatilayotgani ham muhim hisoblangan. E’tiqod yoki qat’iy hukmlarga asos bo‘ladigan masalalar bilan fazilat va targ‘ib-tarhib masalalari bir xil ko‘rilmagan.
Shu jihatdan zaif hadisga munosabat “uni qabul qilish” yoki “butunlay rad etish”dan iborat ikki qutbli masala emas. Aksincha, hadisning zaiflik darajasi, mazmuni, boshqa dalillar bilan munosabati va undan foydalanilayotgan soha alohida ko‘rib chiqilgan.
Nega bu farq bugun ham muhim?
Bugungi axborot makonida bir hadisning “zaif” deb atalishi ba’zan uning darhol “uydirma” deb tushunilishiga olib keladi. Aksincha, ayrim hollarda esa zaif rivoyatlar hech qanday izohsiz sahih hadis kabi tarqatilishi mumkin. Har ikkala yondashuv ham hadislarni tekshirishning ehtiyotkorlik metodiga mos kelmaydi.
Hadis ilmida rivoyatga berilgan hukm uning aniq maqomini ifodalashi kerak. Sahih bo‘lsa — sahih, zaif bo‘lsa — zaif, to‘qima bo‘lsa — to‘qima deb ko‘rsatilishi lozim. Birini ikkinchisining o‘rniga qo‘yish ilmiy aniqlikni buzadi.
Shuningdek, hadisning zaifligi haqida gapirganda, uning nima sababdan zaif deb topilganini ham hisobga olish zarur. Chunki sanad uzilishi sababli zaif bo‘lgan rivoyat bilan yolg‘onchilikda ayblangan roviy orqali kelgan rivoyatning holati bir xil emas.
Xulosa
Hadis tanqidi bizga rivoyatlarni faqat “bor” yoki “yo‘q”, “to‘g‘ri” yoki “yolg‘on” tarzida ikki guruhga ajratishdan ko‘ra ancha nozik va murakkab mezonlardan foydalanilganini ko‘rsatadi. “Zaif hadis” tushunchasi ham ana shu murakkab tizimning bir qismidir.
Zaiflikning turli darajalari mavjud. Ayrim zaif rivoyatlar boshqa yo‘llar bilan quvvatlanishi mumkin, ayrimlari esa bunday imkoniyatga ega emas. Juda zaif rivoyatlar bilan to‘qima rivoyatlarni ham bir xil ko‘rish to‘g‘ri emas.
Shu sababli hadisga munosabatda eng muhim tamoyillardan biri — darajalarni aralashtirmaslik. Hadislarni tekshirishning ilmiy merosi aynan shu ehtiyotkorlikni talab qiladi: rivoyatning maqomini aniqlash, uning zaiflik sababini tushunish va undan foydalanish masalasida uning darajasiga qarab hukm yuritish.
Hadis ilmining kuchi ham shundaki, u rivoyatlarni shunchaki qabul qilish yoki rad etish bilan kifoyalanmay, ularning ishonchlilik darajasini aniqlashga intilgan.
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mustalahul hadis fani mudarrisi Habibullayev Shixnazar
УЗ
РУ
EN
العربية