Qur’oni Karimda Hayo Tushunchasi
Qur’oni Karimda Hayo Tushunchasi
Hayo Alloh taolo insoniyat tabiatiga joylagan eng go‘zal va ustuvor xususiyatlardan biridir. U shunchaki odob-axloq qoidasi bo‘lib qolmay, inson fitratining ajralmas qismidir. Qur’oni karimda hayo tushunchasi ba’zan o‘z nomi bilan, ba’zan esa matn mazmuni hamda voqeliklar bayoni orqali zikr qilinadi. Muqaddas kitobimizdagi uchta muhim o‘rin hayoning inson hayotidagi o‘rni, uning fitriy ildizlari hamda jamiyat va Alloh bilan bo‘lgan munosabatdagi ahamiyatini teran yoritib beradi.
Qur’oni karimda hayo haqida so‘z yuritilgan birinchi o‘rin:
Insoniyat tarixining eng ilk sahifalari Odam alayhissalom va Havvo onamiz qissasiga borib taqaladi. Alloh taolo Odam alayhissalomni Jannatdagi ma’lum bir daraxt mevasidan yeyishdan qaytargan edi. Biroq Iblisning vasvasasiga uchrab, u mevadan totib ko‘rishlari bilanoq kutilmagan holat yuz berdi ularning avratlari ochilib qoldi.
Alloh taolo "A’rof" surasida bu haqda shunday marhamat qiladi:
{ فَدَلَّىٰهُمَا بِغُرُورࣲۚ فَلَمَّا ذَاقَا ٱلشَّجَرَةَ بَدَتۡ لَهُمَا سَوۡءَ ٰ تُهُمَا وَطَفِقَا یَخۡصِفَانِ عَلَیۡهِمَا مِن وَرَقِ ٱلۡجَنَّةِۖ وَنَادَىٰهُمَا رَبُّهُمَاۤ أَلَمۡ أَنۡهَكُمَا عَن تِلۡكُمَا ٱلشَّجَرَةِ وَأَقُل لَّكُمَاۤ إِنَّ ٱلشَّیۡطَـٰنَ لَكُمَا عَدُوࣱّ مُّبِینࣱ }
[Aʼrof surasi: 22]
Bas, ularni aldov ila past(holat)ga tushirdi. Ikkovlari daraxtdan tatib ko'rishganda, avratlari oʻzlariga ko'rinib qoldi va oʻzlariga jannat barglaridan to'siq to'qiy boshladilar. Shunda Robblari ularga nido qilib: «Sizlarni ana o'sha daraxtdan qaytargan emasmidim va albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi.
Ulamolarning ta’kidlashicha, Odam alayhissalom bu voqegacha o‘z avratlarini hech qachon ko‘rmagan edilar. Buyruqqa xilof ish sodir bo‘lishi bilanoq avratlarning ochilib qolishi ularda chuqur hayo hissini uyg‘otdi. Ular Alloh taoloning zohiru botinni, sirlarni, qop-qorong‘i tunda silliq qoya ustida yurgan qora chumolining qadam sharpasini ham ko‘rib-bilib turishini yaxshi anglardilar. Shunga qaramay, ichki hayo fitrati taqozosi bilan darhol Jannat daraxtlarining barglarini uzib, avratlarini yopishga shoshildilar.
Ushbu jarayonda Robbul olamin: «Ey Odam, Mendan bekinyapsanmi? Axir Men seni ko‘rib turibman-ku?» deb so‘raganida, Odam alayhissalom: «Sendan hayo qildim, ey Robbim!» deya javob berganlar.
Bu oyatdagi holat shuni ko‘rsatadiki, hayo insoniyatga eng birinchi yaratilganidanoq singdirilgan fitriy tuyg‘udir. Bunga qarshi, Iblis va uning izdoshlari insonni aynan mana shu fitratidan ayirishga, libosini shilib tashlab, avratini ochishga va axloqsizlikni yoyishga urinib keladi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari, seriallar va reklamalar orqali hayosizlikni targ‘ib qilish insoniy fitratga urush ochish demakdir.
Qur’ondagi ikkinchi o‘rin:
"Qasas" surasidagi Muso alayhissalom va Sho‘ayb alayhissalomning qizlari o‘rtasida yuz bergan hodisada namoyon bo‘ladi. Bu qissa ayol kishining ibo hamda hayosining eng mukammal mezonlarini belgilab beradi.
{ وَلَمَّا وَرَدَ مَاۤءَ مَدۡیَنَ وَجَدَ عَلَیۡهِ أُمَّةࣰ مِّنَ ٱلنَّاسِ یَسۡقُونَ وَوَجَدَ مِن دُونِهِمُ ٱمۡرَأَتَیۡنِ تَذُودَانِۖ قَالَ مَا خَطۡبُكُمَاۖ قَالَتَا لَا نَسۡقِی حَتَّىٰ یُصۡدِرَ ٱلرِّعَاۤءُۖ وَأَبُونَا شَیۡخࣱ كَبِیرࣱ }
[Qasos surasi: 23]
Muso alayhissalom Madyan qudug‘iga kelganlarida, chorvasiga suv berayotgan erkaklar jamoasidan nariroqda kutib turgan ikki qizni ko‘rib, ularning holati bilan qiziqadilar. Qizlar: «Cho‘ponlar suvdan qaytmagunlaricha biz sug‘ormaymiz, otamiz esa yoshi ulug‘ kishidir», deb javob berishadi. (Qasos surasi: 23)
Bu yerda hayoning uchta muhim ko‘rinishi namoyon bo‘ladi:
Aralashmaslik: Qizlar erkaklar bilan yonma-yon aralashib turmasdan, alohida kutishgan.
Ibaratli sabr: Erkaklar tarqalmaguncha suvga yaqinlashmaslikni afzal ko‘rishgan.
Zarurat va uzr: Ular majburiyat yuzasidan (otalarining keksaligi sabab) ko‘chaga chiqqanlarini bildirganlar.
Muso alayhissalom unga ko‘maklashib, chorvani sug‘orib berganlaridan so‘ng, qizlardan biri otasining taklifini yetkazish uchun qaytib keladi. Qur’oni karim bu manzarani shunday tasvirlaydi:
«So‘ngra ulardan biri hayo bilan yurib keldi...» (Qasos surasi: 25)
Ushbu oyatdagi har bir so‘z va uzoq o‘ylantiradigan nozik ma’nolar diqqatga sazovordir:
Yolg‘iz kelishi: Suv tashish uchun ikki qiz ehtiyoj yuzasidan kelgan bo‘lsa, xabarni yetkazish uchun ikkalasining kelishiga hojat yo‘q edi. Shu sababli faqat bir qiz keldi.
Yurish odobi: Oyatda yugurish yoki shoshilish emas, balki «tamshi» (yurdi) kalimasi ishlatilgan. Ayol kishining yugurishi va ortiqcha tebranishi hayoga to‘g‘ri kelmaydi; unga viqor va sokinlik yarashadi. Hayo uning shunchaki vaqtinchalik holati emas, balki butun borlig‘ini qamrab olgan poydevordir.
So‘zlashdagi hayo: — Qizning so‘zlashuvi, gap-so‘zi ham ibat va hayo bilan bo‘lgan. Qolaversa, u Muso alayhissalomga shaxsiy ehtiyoji sababli emas, balki otasining elchisi bo‘lib so’zlaganini alohida ta’kidlaydi.
Bu qissa shuni anglatadiki, hayoli bo‘lish jamiyatdan butkul uzilib, uyda qamalib o‘tirishni anglatmaydi. Ayol kishi o‘qishi, ishlashi va ehtiyojlari uchun bozorgan chiqishi mumkin, faqat bularning barini Qur’on belgilab bergan ibo va hayo chegaralarida amalga oshirishi lozim. Ushbu sahifada erkaklarning eng go‘zal sifati kuch va omonatdorlik, ayollarning eng go‘zal sifati esa hayo ekani muhrlangan.
Hayoning qur’ongai uchinchi o‘rni:
"Hud" surasida bayon qilingan bo‘lib, u Yaratganning O‘zidan hayo qilish maqomiga ishora qiladi:
{ أَلَاۤ إِنَّهُمۡ یَثۡنُونَ صُدُورَهُمۡ لِیَسۡتَخۡفُوا۟ مِنۡهُۚ أَلَا حِینَ یَسۡتَغۡشُونَ ثِیَابَهُمۡ یَعۡلَمُ مَا یُسِرُّونَ وَمَا یُعۡلِنُونَۚ إِنَّهُۥ عَلِیمُۢ بِذَاتِ ٱلصُّدُورِ }
[Hud surasi: 5]
Ogoh bo'lingkim, albatta, ular Undan (Allohdan) yashirinish uchun koʻkslariga (boshlarini) egarlar. Ogoh bo'lingkim, kiyimlariga oʻralgan chog'larida ham, U Zot nimani sir tutayotganlariniyu nimani oshkor qilayotganlarini bilar. Albatta, U – qalblardagi bor narsalarni bilguvchi Zotdir. (Hud surasi: 5)
Ibn Abbas roziyallohu anhumoning izohlashlaricha, ushbu oyat kimsasiz va qorong‘i joyda bo‘lsalar-da, Alloh taolodan hayo qilganlaridan avratlarini ochishdan tortinib, kiyimlariga burangan holatda g‘usl qiladigan va hojat chiqaradigan taqvodor kishilar haqida nozil bo‘lgan. Hatto Ibn Abbos roziyallohu anhu o‘zlari g‘usl qilganlarida ham, Allohdan hayo qilganlaridan yupqa mato bilan yopinib olar edilar.
Hikmat ahli aytganidek: "Allohning senga bo‘lgan qudrati miqdoricha Undan qo‘rqgin va Senga yaqinligi miqdoricha Undan hayo qilgin".
Xulosa
Qur’oni karimda zikr etilgan ushbu uchta o‘rin hayoning inson hayotidagi yaxlit zanjirini tashkil etadi:
Birinchisi: Hayoning inson yaratilishidanoq uning qon-qoniga singdirilgan fitrat ekanini;
Ikkinchisi: Jamiyatda, munosabatlarda va ayol hamda erkak o‘rtasidagi muomalada hayoning qoidalari va go‘zalligini;
Uchinchisi: Yolg‘iz qolganda ham Allohning huzurida ekanini his qilib, Undan hayo qilishning oliy axloqiy darajasini namoyon etadi.
Hayo insonning insonligini, jamiyatning ma’naviy pokligini saqlab turuvchi eng mustahkam qalqondir. Bu fitriy ne’matni asrab-avaylash har bir davrda insoniy va diniy burch bo‘lib qolaveradi.
Имом Фахриддин ар-Розий ўрта махсус ислом таълим муассасаси мударриси М . Шерметов
УЗ
РУ
EN
العربية