10.11.2026

Hakim at-Termiziy merosi: bugun qayta kashf etilayotgan ma’rifat xazinasi.

 

Hakim at-Termiziy merosi: bugun qayta kashf etilayotgan ma’rifat xazinasi.

Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan

Hakim at-Termiziy haqida yozilgan maqolalarda ko‘pincha uning buyuk alloma ekani, tasavvuf va hadis ilmiga qo‘shgan hissasi, xorijiy olimlar tomonidan o‘rganilgani qayd etiladi. Biroq bu ma’lumotlarning o‘zi o‘quvchiga allomaning aynan qanday fikr bildirgani, uning asarlarida qanday ilmiy masalalar ko‘tarilgani va xorijiy tadqiqotchilar bu merosdan qanday xulosalar chiqarganini anglatmaydi. Allomani tanishning ishonchli yo‘li — uning matniga murojaat qilish, tadqiqotchilar fikrini esa aniq manbaga tayangan holda bayon etishdir.

Shu nuqtayi nazardan, Hakim at-Termiziy merosini ikki aniq masala misolida ko‘rib chiqish mumkin: birinchisi — “Riyozat an-nafs” (“Nafs tarbiyasi”) asarida insonning o‘z nafsini tarbiyalashi; ikkinchisi — “Navadir al-usul” asarida hadisni faqat rivoyat qilish emas, uning mazmunini anglash va hayotga tatbiq etish masalasi. Bu ikki yo‘nalish allomaning ma’naviy tarbiya va hadis ilmini bir-biridan ajratmaganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 24-iyuldagi PQ-275-son qarorida Hakim at-Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash, uning merosini xalqimiz va jahon jamoatchiligi orasida chuqur o‘rganish, “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir”ni o‘zbek hamda xorijiy tillarda ilmiy-izohli tarjima qilish, qo‘lyozmalarni tadqiq etish va xalqaro ilmiy muloqotni rivojlantirish vazifalari belgilangan. Qarorda belgilangan maqsadga erishish uchun esa yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilgandek alloma asarlarini o‘rganish bilan bir qatorda, ularning ichki mazmunini ochish muhim.

1. Nafs tarbiyasi: odatni sindirishdan qalb erkinligigacha

Hakim at-Termiziyning “Riyozat an-nafs” asarida nafs tarbiyasi mavhum nasihatlar tarzida emas, insonning kundalik odatlari, istaklari va o‘zini boshqarishi bilan bog‘liq amaliy jarayon sifatida yoritiladi. Asarning 2005-yilgi Bayrut nashri matnida allomaga quyidagi savol beriladi: 

 

قال له قائل: صف لنا من رياضة النفس شيئًا: قال: إن النفس إذا اعتادت اللذة والشهوة، والعمل بالهوى، أقبل على فطمها عن العادة في كل شيء، فكلما اشتد عليها فطم شيء فأقبل ذلك الشيء حتى تفطمها عنه، حتى يصير قلبك حرًا، يألف مع الله عز وجل ببره ولطفه

“Bizga nafsni tarbiyalashdan bir misol aytib bering”. Hakim at-Termiziy javobida shunday deydi: “Nafs lazzat va shahvatga, havoyi istak bilan ish tutishga odatlanib qolgan bo‘lsa, uni har bir narsada o‘sha odatidan qaytarishga kirish. Har safar undan bir narsani tiyish qiyinlashsa, aynan o‘sha narsadan tiyishga kirish. Toki qalbing ozod bo‘lsin va Alloh bilan Uning yaxshiligi hamda lutfu marhamati orqali ulfat topsin”.

Bu parchaning mazmuni diqqatga sazovor. Alloma nafs tarbiyasini bir martalik qaror yoki umumiy da’vat sifatida emas, odatlarni bosqichma-bosqich o‘zgartirish jarayoni sifatida tasvirlaydi. Inson o‘zida mavjud bo‘lgan istak va odatlarni anglab, aynan ularga qarshi izchil harakat qilishi kerak. Demak, tarbiya tashqi ta’qiq bilangina emas, insonning o‘z xohishlarini boshqarishni o‘rganishi bilan bog‘liq.

Alloma so‘zida davom qilib, bu fikrni lochin misolida tushuntiradi:

فقد رأيت البازي كيف يلقى في البيت، وتخاط عيناه، حتى ينقطع عن الطيران، ويربى باللحم، ويرفق به، حتى يأنس بصاحبه، ويألفه إلفًا، إذا دعاه فسمع صوته أجابه. فكذلك النفس. إنما تجيب ربها عز وجل فيما أمرها بعد فطامها عن عادات الأمور التي اشتهت ولذت، فإذا فطمها ألزمها الدعاء، وثناء الرب عز وجل ومدائحه ونجواه، حتى تأنس بذلك، وتألف الذكر، حتى ينكشف الغطاء بعد ذلك، فيألف ربه عز وجل.

 “Mana, koʻrgansizki, lochin uyga keltirilgach, koʻzlari to‘sibqoʻyiladi, toki uchishni butunlay unutsin. Soʻngra goʻsht bilan boqilib, unga mehribonlik qilinadi, oxiri egasiga oʻrganib, unga shunchalik ulfat boʻladiki, chaqirsa, ovozini eshitiboq javob beradigan boʻladi. Xuddi shuningdek, nafs ham. U faqatgina oʻzi xohlagan va lazzatlangan odatiy ishlardan “danaki uzilgach” (ya’ni qattiq tarbiyalanib, sutdan ajratilgandek bu illatlardan voz kechgachgina) Robbisi azza va jallaning amrlariga itoat qiladi. Nafsni bu tarzda toʻgʻrilab, ilinjdan kechirgach, uni duo qilishga, Robb azza va jallaga hamdu sanolar aytishga, Unga munojot qilishga odatlantiriladi. Toki u shunga koʻnikib, zikrga oʻrganib qoladi. Keyinchalik esa parda koʻtarilib, Haq taoloning Oʻziga ham ulfat boʻlib qoladi.” 

Bu fikrni bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli qilish mumkin: inson o‘zini boshqarishni istasa, avvalo uni boshqarayotgan odatlarni tan olishi kerak. Hakim at-Termiziy nazarida nafs tarbiyasining maqsadi shunchaki o‘zini qiynash emas, qalbni ichki qaramliklardan ozod qilishdir. Bu yerda “qalb erkinligi” iborasi allomaning matnidagi fikrni bugungi til bilan sharhlash uchun ishlatilmoqda; uni so‘zma-so‘z iqtibos bilan aralashtirmaslik lozim.

2. “Navodirul usul”: hadisni eshitish, anglash va hayotga tatbiq etish

Hakim at-Termiziyning “Navadir al-usul fi ahadis ar-rasul” asari hadislar jamlangan kitob bo‘lish bilan birga, rivoyatlarning ma’nosi va ulardan olinadigan ma’naviy xulosalarni sharhlashga qaratilgan muhim manbadir. Bu asarda hadis faqat sanad zanjiri yoki matnni qayd etish bilangina cheklanmaydi; uni tushunish, undan hikmat chiqarish va amaliy hayotga ko‘chirish masalasi ham muhim o‘rin tutadi.

2023-yilda Muhammad Siddiq tomonidan “Tasavvur / Tekirdağ İlahiyat Dergisi” jurnalida chop etilgan “Hadith and Sufi Ethics” (Hadis va so‘fiylik axloqi) maqolasi ham “Navodirul usul”ni axloqiy tafakkur nuqtayi nazaridan tahlil qiladi. Muallifning xulosasiga ko‘ra, Hakim at-Termiziy hadislarni axloqiy masalalarni asoslashda ishlatadi; hikmat va fahm kabi tushunchalarni axloq bilan bog‘laydi hamda hadislarni ma’naviy-axloqiy nigoh bilan sharhlaydi. Maqolada yana bir muhim kuzatuv bor: Siddiqning fikricha, Hakim at-Termiziy ushbu asarda hadislarning sahih yoki zaifligini tekshirish masalasiga deyarli to‘xtalmaydi. U o‘z fikrini quyidagicha ifodalaydi: 

غير أن الحكيم الترمذي لم يتطرق إلى مسألة صحة الأحاديث وفق النظرة الحديثية رغم كونه عالما بهذه الصنعة، فلم نر في كتابه أي تقييم يتعلق بهذه المسألة، وهذا قد يحيل إلى مبدأ أهل التصوف في قبول الأحاديث اعتمادا على منهجهم الخاص. وإن كون الأحاديث التي استشهد بها في الأعم غير صحيحة من وجهة النظر الحديثية - على الأقل فيما وقفنا عليه من أسانيد وأحكام للنقاد - أمر يدعم فرضيتنا بأنه تابع الصوفية في منهجهم لقبول الأحاديث، وفي الأصل فلقد تناول الحكيم الترمذي مسألة قبول الأحاديث من وجهة النظر المعرفية عند الصوفية تحت عنوان "صدق الحديث"، أي كيف تعرف صحة الحديث، ويمكن القول بأنه أراد أن يدلل على منهج للقبول الحديثي قائمٍ على علم الباطن، فعلماء الباطن قد أورثوا من العلم ما لم يورثه علماء الظاهر وأورد في الباب هذا الحديث: ثم بين أن علماء الباطن قد يتكلمون بما هو فرع لأصل قاله النبي عليه الصلاة والسلام ولو لم يقل النبي الفرع، ولا يعرف هذا إلا أصحاب العقول المتنورة، ولذلك فإن الخطاب في الحديث ليس إلى الكل، بل إلى تلك الفئة المتصلة بالنبي عليه الصلاة والسلام.

“Biroq Hakim Termiziy garchi bu ilmning bilimdoni bo‘lsa-da, o‘z asarida hadislarning sahihligini muhaddislar mezoniga ko‘ra baholash masalasiga aslo to‘xtalib o‘tmagan. Biz uning kitobida bu mavzuga doirona biror-bir tanqidiy bahoni ko‘rmaymiz. Bu esa so‘fiylarning o‘zlariga xos metodologiyaga tayangan holda hadislarni qabul qilish tamoyiliga borib taqalishi mumkin. Eng kamida – biz duch kelgan sanadlar va tanqidchilarning hukmlariga ko‘ra – Hakim Termiziy hadisni qabul qilishda so‘fiylar yo‘lidan borganini taxmin qilishimizga bu holat asos bo‘ladi. Aslida esa, u hadislarni qabul qilish masalasini so‘fiylarning ma’rifiy nuqtai nazaridan kelib chiqib, “Hadisning rostgo‘yligi/haqiqiyligi” sarlavhasi ostida, ya’ni “hadisning to‘g‘riligini qanday bilish mumkin?” degan savol doirasida yoritgan. U hadis ilmidagi yondashuv botin ilmi asosiga qurilganini bayon qilgan: botin olimlariga zohir olimlariga meros qilib berilmagan ilm ato etilgandir. So‘ngra u shu bobda bir hadisni keltirib, botin olimlari Payg‘ambar alayhissalom aytgan asl asosning tarmog‘i (far’) bo‘lgan masalalarni – garchi Payg‘ambar alayhissalom o‘sha tarmoqni alohida zikr qilmagan bo‘lsalar-da – so‘zlashlari mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi. Buni faqat nurli aql egalarigina anglay oladilar. Shuni aytish mumkinki, u shu orqali botiniy ilmiy asosga tayanuvchi hadisni qabul qilish metodologiyasiga ishora qilmoqchi bo‘lgan. Shu boisdan ham, bu yerdagi xitob hammaga emas, balki Payg‘ambar alayhissalom bilan ruhiy bog‘langan o‘sha maxsus guruhga qaratilgandir.”[1]

Bu nuqtani yashirmaslik kerak. “Navodirul usul”ni hadislar bilan ishlaydigan asar sifatida e’tirof etish bilan uning hadis tanqidi metodologiyasini alohida baholash — ikkisi boshqa masala. Ayrim zamonaviy tadqiqotchilar asarning kuchli jihatini hadis matnlaridan axloqiy va irfoniy ma’no chiqarishda ko‘rsa, bu holat isnod va roviylar tanqidi nuqtayi nazaridan qo‘shimcha ilmiy savollar tug‘diradi. Shuning uchun asarni faqat maqtash emas, uning uslubini hadis ilmi mezonlari asosida ham xolis o‘rganish lozim.

Yana bir muhim tadqiqot — Ahmad Tajuddin Arafatning “Sufi Commentaries on Hadith” maqolasi. Unda Hakim at-Termiziyning hadisni qabul qilish va anglashga doir yondashuvi tahlil qilinadi. Muallifning xulosasiga ko‘ra, hadisni eshitish va qabul qilish jarayoni yaxshi amal qilish, uning mazmunini chuqur anglash va oxirat najotini ko‘zlash bilan yakun topishi kerak.[2] Bu tahlil “Navodirul usul”dagi hadis sharhlarini amaliy axloq bilan bog‘lab o‘qish imkonini beradi.

3. Xorijiy tadqiqotchilar: turli yondashuv, bitta meros

Nemis sharqshunosi Bernd Radtke va John O’Kane 1996-yilda “The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism” nomli izohli tarjimani nashr etgan. Kitobda allomaning tarjimayi holi, “Siyrat al-avliya’” (“Avliyolar hayoti/yo‘li”) asari va boshqa asarlaridan tanlangan parchalar ingliz tiliga tarjima qilingan. Yale universiteti olimi Gerhard Bowering ushbu nashr haqida taqrizida tarjimalarni “accurate and well-annotated” — “aniq va puxta izohlangan” deb baholaydi.[3] Bu baho tarjima va izohlarning ilmiy qiymatiga tegishli; uni Hakim at-Termiziyning barcha qarashlariga berilgan umumiy baho sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Sara Sviri esa alloma merosini ilk tasavvufning psixologik va tarixiy manzarasiga joylashtiradi. Routledge nashriyoti kitob tavsifida Sviri tadqiqotining markazida nafs va qalb o‘rtasidagi ruhiy taranglik, nafsni tarbiyalash, qalbning ochilishi, avliyolar, tushlar va vahiyga oid tajribalar turishini qayd etadi.[4] Svirining yondashuvi muhim, chunki u keyingi asrlarda shakllangan tasavvufiy tasniflarni ilk davrga avtomatik ko‘chirmasdan, o‘sha davrdan saqlangan matnlarni tahlil qilishga urinadi.

Sara Svirining 2016-yilgi maqolasida esa Hakim at-Termiziyning avliyolik haqidagi qarashlari kech antik davrning diniy-madaniy muhiti bilan qiyoslanadi. Muallif alloma asarlarida “al-valiy” — Allohning do‘sti tushunchasi markaziy o‘rin tutishini, bu ta’limot keyingi davrlardagi viloya qarashlariga ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi. 

4. Yubiley oldidagi vazifa: tarjimadan yangi ilmiy savollargacha

Yurtboshimizning PQ-275-son qarorida ko‘zda tutilgan akademik tarjimalar va qo‘lyozma tadqiqotlari aynan shu ilmiy ehtiyojga javob berishi mumkin. “Riyozat an-nafs” kabi asarlardan olingan parchalar allomaning axloqiy-ruhiy qarashlarini ko‘rsatsa, “Navodirul usul”dagi hadis sharhlari uning rivoyat va diroyatga munosabatini chuqurroq tahlil qilish imkonini beradi. Bu ikki yo‘nalish birgalikda o‘rganilganda Hakim at-Termiziyning ilmiy dunyoqarashi yanada yaxlit ko‘rinadi.

Kelgusidagi tadqiqotlar uchun bir necha aniq vazifani ko‘rsatish mumkin: “Navodirul usul”dagi hadislarning manbalarini va sanadlarini hadis to‘plamlari bilan qiyoslash; alloma sharhlarida hadis matnidan chiqarilgan axloqiy xulosalarni tasniflash; “Riyozat an-nafs”dagi nafs, qalb, odat va iroda tushunchalarining o‘zaro munosabatini tahlil qilish; “Siyrat ul-avliya”dagi viloya nazariyasini boshqa ilk tasavvuf manbalari bilan qiyoslash. Bular tayyor xulosa emas, balki manbalar bilan tekshirilishi lozim bo‘lgan tadqiqot yo‘nalishlaridir.

Xalqaro konferensiya va xorijiy hamkorlikning samarasi ham ana shunday aniq ilmiy savollar atrofida shakllanishi kerak. Maqsad faqat alloma haqida ma’ruza qilish emas, balki qo‘lyozma nusxalarini taqqoslash, matnlarni akademik nashrga tayyorlash, tarjima muammolarini muhokama qilish va yangi tadqiqot loyihalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lishi lozim.

Xulosa

Hakim at-Termiziy merosiga yaqindan nazar tashlasak, unda nafs tarbiyasi, qalb erkinligi, hadisni anglash, axloqiy mas’uliyat, avliyolik va diniy-huquqiy tafakkur bir-biridan uzilmaganini ko‘ramiz. “Riyozat an-nafs”dagi odatlarni bosqichma-bosqich tark etish va qalbni ozod qilish haqidagi tashbeh allomaning ruhiy tarbiya masalasiga amaliy yondashganini ko‘rsatadi. “Navodirul usul” esa hadisni faqat yetkazish emas, uning mazmunini anglash va kundalik hayotda ro‘yobga chiqarish masalasini o‘rtaga qo‘yadi.

Radtke va O’Kane matnlarni tarjima va izoh bilan ilmiy muomalaga kiritgan bo‘lsa, Sviri ilk tasavvuf va ruhiy tajriba tarixini, Dajani esa qiyos, ijtihod va shariat hikmatiga doir qarashlarni tadqiq etadi. Boshqa zamonaviy maqolalar “Navodirul usul”ning hadis va axloq munosabatidagi o‘rnini yanada aniqroq ko‘rsatadi. Bu izlanishlar alloma merosining xalqaro ilmiy maydonda turli qirralardan o‘rganilayotganini tasdiqlaydi.

1200 yillik yubiley biz uchun ana shu merosni ommaga olib chiqish bilan birga, asl matnlar, ishonchli tarjimalar va ilmiy tahlil orqali u zotni qayta kashf etish imkoniyatidir. Hakim at-Termiziyga munosib ehtirom — uning nomini tanitish bilan bir qatorda, asarlarini sinchiklab o‘qish, fikrlarini xolis talqin qilish va hali javobi topilmagan ilmiy savollarni dadil qo‘yish bilan yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi.

 


 

[1] Sıddık, Muhammed. “Hadith and Sufi Ethics: A Study on the Effect of Hadiths on the Construction of Morals in the Framework of al-Ḥakīm al-Tirmidhī’s Work Titled Nawādir al-Uṣūl.” Tasavvur / Tekirdağ İlahiyat Dergisi 9, no. 1 (2023). https://dergipark.org.tr/tr/pub/tasavvur/article/1230148

 

[2] Arafat, Ahmad Tajuddin. “Sufi Commentaries on Ḥadīth: Analytical Study of al-Ḥakīm al-Tirmiẓī’s Viewpoints toward Understanding Ḥadīth on His Work Nawādir al-Uṣūl.” Teosofia 1, no. 2 (2012). https://doi.org/10.21580/tos.v1i2.685

 

[3] Radtke, Bernd, and John O’Kane. The Concept of Sainthood in Early Islamic Mysticism: Two Works by al-Hakim al-Tirmidhi. Richmond: Curzon Press, 1996; see also Gerhard Bowering’s review, International Journal of Middle East Studies 32, no. 4 (2000): 542–543. https://doi.org/10.1017/S0020743800002749

 

[4] Sviri, Sara. Perspectives on Early Islamic Mysticism: The World of al-Ḥakīm al-Tirmidhī and his Contemporaries. Abingdon; New York: Routledge, 2020. https://www.routledge.com/Perspectives-on-Early-Islamic-Mysticism-The-World-of-al-Hakm-al-Tirmidh/Sviri/p/book/9780415303071


Imom Faxriddin ar-Roziy O‘MITM O‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari Habibullayev Shixnazar