11.11.2026

Biror narsa so’rab duo qilarmiding?

Biror narsa so’rab duo qilarmiding?

Nabiy sallallohu alayhi vasallam Madinalik bir bemor sahobiyni holidan xabar olish uchun keldilar. U sahobiyning badani zaiflashib, juda ozib ketganligidan holidan xabar olish uchun kelgan insonlar umrining oxirgi davrlarini yashamoqda, deb o’ylar edi. Bu bemorning ahvoli Nabiy sallallohu alayhi vasallamni o’ziga jalb etdi va suyukli payg’ambarimiz undan “Biror narsa so’rab duo qilarmiding?” deb so’radilar. 

U: “Ha men “Ey Allohim! Agar meni oxiratda azoblamoqchi bo’lsang, o’sha azobingni bu dunyoda ber”, deb so’rar edim” dedi. 

Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Subhanalloh! Sen axir bunga toqat qila olmaysanku! Buni o’rniga “Allahim menga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilikni ber va meni do’zax azobidan saqla” desang bo’lmaydimi” dedilar.

Keyin u shunday duo qildi va Alloh unga shifo ato qildi.

Mulohaza:

Insonlar ba’zan xato uslubda duo qilishadi va Alloh taologa Uning rahmatiga zid keladigan shartlarni qo’yishadi. Natijada Alloh taolo o’sha bandani so’raganini beradi. Oxir oqibat banda o’z xatosini anglab undan qaytadi.

Ushbu sahobiy oxirat azobidan najot topishlikka bo’lgan tashnaligi sabab, Alloh taolodan oxiratdagi barcha azobini bu dunyoda berishini so’ragan edi. Lekin Nabiy sallallohu alayhi vasallam uni to’g’ri yo’lga, ya’ni, dunyo va oxiratda najotni so’rab duo qilishlikka undadilar.

Biz gohida yosh chaqaloqni betob bo’lgani ko’ramiz va bechora onani “Qaniydi men seni o’rningga hasta bo’lsam edi” deb duo qilayotganini eshitib qolamiz. Bir qarashda bu duo onani rahmdilligidan va mehribonligidan qilinganday bo’ladi. Biroq aslida bu o’sha onaning johilligidan qilingan bo’ladi. Chunki u ayol kasallikni farzandidan uzoqlashib o’ziga o’tishini so’rayapdi. Aslida esa u ayol Alloh taolodan o’g’liga ham o’ziga ham ofiyat berishini so’rashi mumkin edi.

Banda duosi qachon ijobat qilinadigan vaqtga to’g’ri kelishini bilmaydi. Shuning uchun duo qilishda odobga rioya qilishligi va Alloh taolodan faqat yaxshilikni so’rashligi kerak bo’ladi.

“Ala minhaj an-nubuvva” kitobidan.

Tarjimon: Abdusharipov Ma’murjon.